O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 may kuni iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish to‘g‘risida qarorni imzoladi. Hujjat ilmiy tadqiqotlar bilan ishlab chiqarish tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning samarali mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishga, aloqalarni mustahkamlashga to‘siq bo‘layotgan bir qator muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.

Qaror bilan oliy ta’lim muassasalarida ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimi o‘rniga ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor lavozimini joriy etish tasdiqlandi. Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari bir vaqtda tegishli yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori lavozimlariga tayinlanadi.

Oliy ta’lim muassasalari tuzilmasida innovatsion jamg‘armalar va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha bo‘linmalar tashkil etiladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tuzilmasida Fan va ilmiy-texnik tadqiqotlarni rivojlantirish boshqarmasini tashkil etiladi.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida bir nafar rahbar o‘rinbosarlari innovatsion rivojlanish masalalari bo‘yicha javobgar hisoblanadi. Har yili 1 oktyabrga qadar davlat organlari kelgusi yil uchun tegishli tarmoq va sohalarni innovatsion rivojlantirishning «yo‘l xaritalari"ni ishlab chiqishi lozim.

Moliya vazirligi ustuvor innovatsion, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik, «startap» loyihalarini o‘z xarajatlarini o‘zi qoplash asosida moliyalashtirish uchun 2018 yilda Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 50 mlrd so‘m miqdorida byudjet mablag‘larini ajratadi.

Ilmiy-tadqiqot tashkilotlari 2022 yil 1 yanvarga qadar ularning asosiy faoliyati bo‘yicha barcha turdagi soliqlar va majburiy ajratmalardan ozod qilinadi, Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga ajratmalar bundan mustasno, bo‘shayotgan mablag‘lar ularning xodimlarini moddiy rag‘batlantirish uchun maqsadli yo‘naltiriladi. Shuningdek, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari tomonidan olib kiriladigan ilmiy asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, sarflash materiallari, reaktivlar, dasturiy ta’minot bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno) ozod qilinadi.

Qarorga muvofiq, har yili mamlakatda InnoWeek.Uz innovatsion g‘oyalar haftaligi o‘tkaziladi.