1 may kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida milliy parlament tarixida birinchi marta «Hukumat soati» o‘tkazildi. Unda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va ichimlik suvidan ratsional foydalanish hamda tibbiyot muassasalarini arzon va sifatli dori vositalari bilan ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Parlament quyi palatasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, kun tartibi deputatlarning hududlarni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish jarayonlari bilan tanishuvi natijalari hamda fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlaridan kelib chiqqan holda shakllantirildi.

Deputatlarning savollariga javob qaytarishlari uchun Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbarlari taklif qilindi.

Tadbir yakunlari bo‘yicha Qonunchilik palatasi qo‘mitalariga qonunchilikni takomillashtirish borasidagi takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Bundan tashqari, mazkur sohalar faoliyati ustidan parlament nazorati kuchaytiriladi.