Yanvar-martda aholi umumiy daromadlari 43,2 trln so‘mni, bir kishiga o‘rtacha hisoblaganda 1,3 mln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi Aholi turmush darajasi va kuzatuvlari statistikasi boshqarmasi ma’lum qildi.

Iste’mol narxlarining o‘zgarishi sababli o‘tgan yilning mos davriga nisbatan aholining umumiy daromadlarining real o‘sish sur’ati 110,6 foizni, aholi jon boshiga umumiy daromadlarining real o‘sish sur’ati 108,8 foizni tashkil etdi.

Aholi jon boshiga o‘rtacha umumiy daromadlari bo‘yicha Toshkent shahrida (3310,7 ming so‘m) hamda Navoiy (2111,4 ming so‘m), Buxoro (1414,3 ming so‘m) va Toshkent (1403,6 ming so‘m) viloyatlarida o‘rtacha respublika darajasidan yuqori ko‘rsatkichlari qayd etilganligi kuzatildi.

Aholi jon boshiga umumiy daromadlarning eng yuqori real o‘sish sur’ati Xorazm viloyatiga (15,1 foiz) to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Samarqand (14,4 foiz), Surxondaryo (13,7 foiz), Andijon (12,6foiz), Namangan (10,4 foiz) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (9,8 foiz) aholi jon boshiga umumiy daromad ko‘rsatkichlarining real o‘sish sur’atlari respublika darajasidan yuqorini tashkil etgan.

Aholining umumiy daromadlari hajmining sezilarli darajada o‘sishi asosan umumiy daromadlar tarkibida 59,6foiz ulushga ega bo‘lgan mehnat faoliyatidan olingan daromadlar (yollanma ishchilarning daromadlari va mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar) va 32,2 foizni tashkil etuvchi transfertlardan olingan daromadlarning sezilarli o‘zgarishi hisobiga yuzaga kelgan.

Aholi umumiy daromadlari tarkibida mehnat faoliyatidan olingan daromadlar sezilarli ulushni tashkil etadi. 2018 yilning birinchi choragida mehnat faoliyatidan olingan daromadlarning umumiy daromadlar tarkibidagi ulushi 59,6 foizni hamda nominal o‘sish sur’ati o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 117,1 foizni tashkil etdi. Mehnat faoliyatidan olingan daromadlarning aholi umumiy daromadlari tarkibidagi bunday ulushi va o‘sish sur’ati aholi umumiy daromadlarining 11,6 foizga o‘sishini ta’minladi.

Yanvar-mart oylarida yollanma ishchilarning daromadlari 18,3 foizga oshdi va aholi umumiy daromadlaridagi ulushi 37,0 foizni tashkil etdi. Yollanma ishchilar daromadlarining eng yuqori nominal o‘sishi Toshkent shahri (123,0 foiz) va Qoraqalpog‘iston Respublikasi (121,9 foiz), shuningdek, Andijon (121,7 foiz), Xorazm (120,8 foiz), Navoiy (120,3 foiz) va Jizzax (120,2 foiz) viloyatlarida qayd etildi.

2018 yilning yanvar-mart oylarida mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlarning nominal o‘sish sur’ati 115,2 foizni tashkil etdi. Aholi umumiy daromadlari hajmida ushbu daromad manbai katta ahamiyatga ega bo‘lib, uning ulushi 22,6 foizni tashkil etdi.

Mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar egallagan ulushiga ko‘ra aholi jami daromadlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlarning 1 foizga o‘sishi umumiy daromadlar hajmining 0,26 foizga o‘sishiga olib keladi.

Yanvar-mart oylarida aholining mol-mulkdan olgan daromadlari 2,4 trln so‘mni tashkil qildi. 2017 yilga nisbatan o‘sish sur’ati esa 139,5 foizni tashkil etdi. Aholining umumiy daromadlari tarkibida mol-mulkdan olingan daromadlarning ulushi 5,6 foizni tashkil etdi.

Hududlarda mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlarning ulushi turlicha va 12,3 foiz dan (Toshkent shahrida) 30,9 foizgacha (Toshkent viloyatida) o‘zgarib turadi. Mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlarning uchdan bir qismi (33,5 foiz) Toshkent (12,7 foiz), Samarqand (10,5 foiz) viloyatlari va Toshkent shahri (10,3 foiz) hissasiga to‘g‘ri keladi.

2018 yilning yanvar-mart oylari dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra o‘tgan yilning mos davriga nisbatan transfertlardan olingan daromadlarning nominal o‘sish sur’ati 177,7 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, ushbu davrda aholining umumiy daromadlari hajmida transfertlarning ulushi 8,2 foiz punktga oshdi va 32,2 foizni tashkil etdi. Joriy davrda ijtimoiy transfertlarning o‘sish sur’ati 120,2 foizni tashkil etdi.

Mol-mulkdan olingan daromadlar tarkibida boshqa mulkiy daromadlar asosiy ulushga ega bo‘lib, uning ulushi 52,9 foizni tashkil qildi. Keyingi o‘rinlarda dividendlar — 35,4 foizni, obligatsiyalar, depozitlar va boshqa qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha foizlar va mualliflik haqi — 11,7 foizni tashkil qildi.

Aholi umumiy daromadlari hajmining o‘zgarishiga mol-mulkdan olingan daromadlarning ta’siri juda kam. Joriy davrda mol-mulkdan olingan daromadlar aholi umumiy daromadlari hajmining 2,1 foizga o‘sishini ta’minladi.

2018 yilning birinchi choragida mol-mulkdan olingan daromadlar hajmining uchdan ikki qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, 70,6 foizni tashkil etdi. Keyingi yuqori ulushga ega bo‘lganlari Toshkent (6,2 foiz), Samarqand (3,8 foiz) va Farg‘ona (3,7 foiz) viloyatlari hisoblanadi.

Ijtimoiy transfertlarning o‘sishiga uning tarkibida asosiy ulushga, ya’ni 83,9 foizga ega bo‘lgan pensiyalar ta’sir ko‘rsatdi. 2017 yil mos davri ma’lumotlari bilan taqqoslaganda pensiyalarning o‘sish sur’ati 119,6 foizni tashkil etdi.

O‘tgan davr mobaynida pensiya, nafaqa va stipendiyalarning o‘zgarishi aholi umumiy daromadlarining 3,2 foizga o‘sish imkonini berdi. Shuni ta’kidlash lozimki, ko‘rib chiqilayotgan davrda aholi umumiy daromadlari hajmida kichik tadbirkorlikdan olingan daromadlarning ulushi 47,7 foizni tashkil etdi.

Aholi umumiy daromadlari tarkibida kichik tadbirkorlikdan olingan daromadlar Surxondaryo (51 foiz), Jizzax (50,7 foiz), Xorazm (50,3 foiz), Samarqand (49,7 foiz), Toshkent (49,3 foiz), Namangan (48,7 foiz) viloyatlari hamda Toshkent shahrida (50,4 foiz) sezilarli ulushni egalladi.