Terrorizm tahdidi barcha davlatlar uchun umumiy bo‘lib, unga qarshi birgalikda kurashish lozim. Bu haqda seshanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajali xalqaro konferensiyada Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani ma’lum qildi.

U mamlakatda terrorizm va jinoyatchilikka qarshi kurash olib borilayotgani to‘g‘risida so‘zlab berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston hududida eng kamida 2000 «Islom davlati» jangarilari faoliyat olib bormoqda. «Biz ularga qarshi sheriklarimiz yordamida tinimsiz urush e’lon qilganmiz», — dedi Ashraf G‘ani.

«Bizning kuchlarimiz so‘nggi ikki haftada [jangarilarni] yo‘qotish bo‘yicha keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazishdi. 1300 nafardan ortiq jangari yo‘q qilindi, ular Nangarxon va Shimoliy Afg‘onistondagi tor vodiylarda chegaralab qo‘yilgan. Ushbu tahdidlarga qarshi kurashish uchun kuch va irodamiz yetarli va biz ularga qarshi tinimsiz kurashishda davom etamiz», — deya ta’kidladi Afg‘oniston prezidenti.

Ashraf G‘ani joriy yilda ilk bor narkotik laboratoriyalarga qarshi operatsiya o‘tkazilganini ma’lum qildi. Hukumat kuchlari ularga 130 mln dollardan ziyod miqdorda ziyon keltirdi.

«Shuni ta’kidlamoqchimanki, ushbu tahdidlar barchamiz uchun umumiy va ularga qarshi birgalikda kurashish lozim. Afg‘onlar terrorizmga qarshi global kurashga o‘z hayotlari bilan ulush qo‘shishmoqda. Biz eng oldingi safdamiz, biroq bu xatar bilan barcha kurashish lozim», — deya ta’kidladi u.

«Dunyo o‘zgardi, dushman urush olib borishning strategik qoidalarini to‘liq inkor etmoqda, hujumlar tinch aholi, ayollar, bolalarga qaratilmoqda, dushman shifoxonalar va maktablar, jamiyat hayotiga qarshi jang olib bormoqda, — dedi Ashraf G‘ani. — Biroq biz shunday tarixiy davrda yashayapmizki, biz global terrorizmga qarshi kurashda g‘alabaga erishmoqdamiz».

«Agarda terroristik hujumlar yil boshidan buyon bizning tinchlikni o‘rnatishdagi xatti-harakatlarimizga qaratilayotgan bo‘lsa, ular o‘z maqsadlariga yeta olishmaydi. Xudkushlik hujumlari faqatgina mazkur konferensiya maqsadlarining dolzarbligini kuchaytiradi. Biz tinch yo‘l bilan masalani hal etishni muhokama qilish uchun bizga ochiq bo‘lgan barcha vositalardan foydalanishimiz lozim», — dedi Afg‘oniston rahbari.

«Biz toliblarni jamiyatimizga qo‘shish uchun kurashishimiz lozim, — dedi u, — shunda biz terrorizm xatarlariga qarshi tura olamiz».