Rossiya Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Afg‘onistondagi vaziyatni o‘nglash bo‘yicha Toshkent konferensiyasiga katta umid bog‘lab, O‘zbekiston rahbariyatining o‘z vaqtida ilgari surgan tashabbusini to‘laligicha qo‘llab-quvvatlaydi, dedi seshanba kuni Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov.

So‘nggi vaqtlarda Markaziy Osiyo «beshtaligi» o‘rtasidagi munosabatlarda kuzatilayotgan ijobiy o‘sish sur’ati Afg‘onistonga ko‘mak ko‘rsatishda yanada samarali ulush qo‘shish uchun sharoit yaratadi, dedi u tadbirda so‘zga chiqar ekan.

«Bugun birgalikdagi xatti-harakatlar ayniqsa muhim. Afg‘onistondagi vaziyat tobora tanazzulga yuz tutmoqda. Afg‘onlararo siyosiy jarayon yo‘qligida toliblar harakati mamlakat hududining yarmigacha bo‘lgan qismini to‘liq yoki qisman nazorat qilmoqda, faol jangovar harakatlar olib borib, qo‘poruvchiliklarni amalga oshirmoqda», — dedi Sergey Lavrov.

«Islom davlati» terroristik tashkilotining eng avvalo MDH davlatlari bilan chegaradosh shimoliy hududlarga kirib kelishining kengayayotgani xavotirlarni keltirib chiqarmoqda. «U yerlarda tayanch punktlari tashkil etilmoqda, Markaziy Osiyo, Rossiya, boshqa davlatlar fuqarolari tayyorgarlik o‘tamoqda. Bunda mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdidlar ko‘rinib turibdi».