Jigar transplantatsiyasi o‘tkazilgan 26 yoshli Ubaydulla Dadaxo‘jayev shifoxonadan chiqdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Avval xabar qilinganidek, 13 fevral kuni V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida O‘zbekiston tibbiyoti tarixida birinchi marta jigarni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

Uzoq yillar davomida jigar serrozidan aziyat chekkan Ubaydulla Dadaxo‘jayevga 30 yoshli akasi Hayot Dadaxo‘jayev donorlik qildi. Operatsiya markaz direktori akademik Feruz Nazirov hamda V. Shumakov nomidagi Rossiya transplantologik va sun’iy a’zolar tibbiy tadqiqot markazi direktori Sergey Gote rahbarligida o‘tkazildi.

«Operatsiyaga katta tayyorgarlik ko‘rildi, — dedi akademik Feruz Nazirov. —  Markazning texnik imkoniyatlari yaxshilandi, mutaxassislarimiz AQSH, Fransiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Shveysariya va Rossiyada malaka oshirishdi. Donor va retsipiyent operatsiyaga uch oy tayyorgarlik ko‘rdi. Operatsiya 15 soat davom etdi. Bemor va donorning umumiy holati hozirda yaxshi. Agarda bemor bizning tavsiyalarimizga rioya qilsa, to‘liq tuzalib ketadi».