O‘zbekiston Mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizovning Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kristofer Allan bilan Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi hamda Buyuk Britaniya Birlashgan Qirolligi va Shimoliy Irlandiya o‘rtasida mudofaa sohasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, mazkur kelishuv ikki mamlakat mudofaa vazirliklari o‘rtasida harbiy ta’lim, harbiy kadrlar tayyorlash, ingliz tilini mukammal o‘rgatish, hamkorlikdagi treninglarni o‘tkazish, o‘zbekistonlik harbiylarning Britaniya qurolli kuchlari tomonidan o‘tkaziladigan turli o‘quv mashg‘ulotlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etishida o‘zaro yaqin hamkorlik o‘rnatishni o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, Buyuk Britaniya elchisi O‘zbekiston harbiy xizmatchilarining Sandxerstdagi Qirollik harbiy akademiyasi va boshqa Britaniyadagi nufuzli harbiy ta’lim muassasalarida tahsil olishida Britaniya tomoni hamkorlik ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi.

Kristofer Allen oxirgi yillarda ikki davlat mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi harbiy va harbiy-texnik hamkorlik yo‘nalishlarida o‘sish sur’atlari ortib borayotgani ta’kidlandi. Mehmonlar Afg‘onistonda joylashgan Buyuk Britaniya qurolli kuchlariga yuklarni tranzit bilan olib o‘tilishi masalalarida yaqindan ko‘mak berilayotgani uchun O‘zbekiston hukumatiga alohida minnatdorchiligini izhor etishdi.

Buyuk Britaniya vakillari tomonidan shu yilning yanvar oyida imzolangan Mudofaa vazirliklar o‘rtasidagi ikki tomonlama harbiy hamkorlik rejasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish mamlakatlar o‘rtasida xalqaro hamkorlikning asosini tashkil etishi ta’kidlandi. Rejada harbiy hamkorlikning turli masalalarida tajriba almashish, O‘zbekiston harbiy xizmatchilarining Britaniyadagi oliy harbiy ta’lim muassasalarida ta’lim olishi, O‘zbekistondagi harbiy ta’lim muassasalarida mashg‘ulot jarayonlariga britaniyalik harbiy mutaxassislarning jalb etilishi, harbiy tibbiyot yo‘nalishida tajriba almashish, shuningdek hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlari va treninglarni o‘tkazish ko‘zda tutilgan.