Yanvar oxirida «Gazeta.uz» tanasidan 15 po‘lat igna topilgan 11 oylik Azizbek Abdumajidov haqidagi xabarni e’lon qilgan edi. 14 mart kuni bolakayning uyiga — Farg‘ona viloyati Toshloq tumaniga ketishiga ruxsat berildi. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, Azizbekning onasi bola salomatligi yomonlashganidan so‘ng shifokorlarga murojaat qiladi. Dastlab tomoq shishgani sababli yallig‘lanish tashhisi qo‘yiladi. Biroq bolaning salomatligi yaxshilanmagach, rentgen o‘tkazilib, tanada ignalar borligi aniqlanadi.

Go‘dak va uning onasi zudlik bilan Toshkentdagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga jo‘natiladi. 17 yanvar kuni u operatsiya qilinadi. To‘qqiz soatlik jarrohlik amaliyotida 10 nafar shifokor ishtirok etib, bola tanasidan 12 ta igna chiqarib olinadi.

Ignalar go‘dak tanasining turli qismlarida joylashgan, deydi markazning bolalar jarrohligi bo‘limi shifokori Doniyor Asadullayev. Ular yo‘g‘on ichak, qovuq, ko‘krak qafasi, umurtqa, yurak ostida aniqlangan.

«Bu ikki oy bolaga tinchlik bermadi. Bu tibbiyotda juda kam uchraydigan noyob va nozik operatsiya. Jarrohlik amaliyotidan so‘ng bola bir necha kun komada yotdi. Shifokorlar uning hayotini saqlab qolish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishdi», — dedi u.

Operatsiyada ishtirok etgan professor Habibullo Oqilov Azizbek va uning onasi bilan. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati fotosi.

Hozirda bola tanasida yana uchta igna qolmoqda, biroq ular go‘dak hayotiga tahdid solayotgani yo‘q. Agarda ular uni bezovta qilishni boshlasa, shifokorlar operatsiya yo‘li bilan olib tashlashadi. Azizbek uyga qaytganidan so‘ng shifokorlar nazorati ostida bo‘ladi.

Hozirga qadar ignalar qanday qilib bola tanasiga kirib qolgani haqida ma’lumotlar yo‘q. Shifokorlar bola hech qachon bunchalik ko‘p ignani yutib yubora olmaydi, deya qayd etishmoqda, ayni paytda organizmda hech qanday jarohat izlari yo‘q.

«Azizbek — oilamizning yagona farzandi, uni nikohimizdan so‘ng besh yil kutganmiz, — deydi bolaning onasi Shohsanam Boltaboyeva. — Hammaga rahmat, endi u sog‘lom, va uni o‘z bag‘rimga olishim mumkin. Buning uchun shifokorlarga rahmat. Ikki oy ular o‘g‘lim uchun kuch va bilimlarini ayashmadi. Ularning matonatini hech qachon unutmayman!»