Qoraqalpog‘istonda qalbaki pullarni yasashda gumon qilinayotgan Qorauzak tumanida yashovchi fuqaro qo‘lga olindi. 12 fevral kuni u Chimboy tumanida 26 ta 10 ming so‘mlik qalbaki pul evaziga ikki qop un sotib olgan.

O‘zbekiston IIV huzuridagi Tergov departamentining xabar qilishicha, qo‘lga olingan shaxsning yonidan qalbaki bo‘lgan 2826 dona 10000 so‘mlik pul kupyuralar va 29 dona 100 AQSH dollari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Tergov-tezkor tadbirlari davomida gumonlanuvchi ushbu qalbaki pullarni Qozog‘iston Respublikasida yashovchi shaxs bilan birgalikda yasagani va O‘zbekiston Respublikasiga o‘tkazish maqsadida olib kirganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 176-moddasi 2-qismi «v» bandi ya’ni, o‘tkazish maqsadida qalbaki pul va chet el valyutasini bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, yasash yoki ularni o‘tkazish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.