26−27 mart kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan Afg‘oniston bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik va mintaqaviy aloqalar sohasida hamkorlik» Toshkent xalqaro anjumani ochilishida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani so‘zga chiqadi. Bu haqda mamlakat TIV xabarida so‘z boradi.

Anjumanda ishtirok etish uchun BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish va BMTning Afg‘onistondagi maxsus vakili Tadamiti Yamamota, Yevropa kengashining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy komissari Federika Mogerini, shuningdek Xitoy, Rossiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Fransiya, Turkiya, Hindiston, Eron, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari taklif qilingan.

Toshkentdagi anjuman 28 fevral kuni Afg‘oniston poytaxtida o‘tkazilgan «Kobul jarayoni» ikkinchi yig‘ilishdan so‘ng tashkillashtirilib, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha xalqaro jamoatchilik tomonidan qo‘llanilayotgan choralarni kuchaytirishning mantiqiy davomi bo‘ladi.

Forum qatnashchilari Afg‘oniston hukumati va «Tolibon» harakati o‘rtasida hech qanday shartlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni tez orada boshlash zarurati haqida mintaqaviy va global darajadagi nuqtai nazarlarni bildirishlari kutilmoqda.

Konferensiya yakunlari bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilmoqda.