Toshkentdan fevral oyining so‘nggi kunlarida 100 ga yaqin avtomobillar to‘xtashini taqiqlovchi yo‘l belgilari (3.27) demontaj qilindi. Bu haqda payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda poytaxt IIBB YHXB yo‘l nazorati bo‘limi katta muhandisi mayor Baxtiyor G‘afurov ma’lum qildi.

Shaharda taqiqlovchi katta miqdordagi belgilarning mavjudligi ko‘p yillar davomida haydovchilarning noroziliklarini keltirib chiqarayotgan edi.

«Kuchini yoki zaruratini yo‘qotgan belgilar demontaj qilinmoqda. Ishlar hali tugagani yo‘q», — dedi u. Belgilarni inventarizatsiya qilish jarayoni yana bir muddat davom etadi. Uning yakunlari bo‘yicha «To‘xtash taqiqlanadi» belgilari, zarurat tug‘ilganda, «To‘xtab turish taqiqlanadi» (3.28) belgilari bilan almashtiriladi.

Belgilar almashtirilgan yoki demontaj qilingan ko‘chalar ro‘yxati 5 martda ochilishi kutilayotgan YHXB saytida e’lon qilinadi.