Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev selektor yig‘ilishi jarayonida Qozog‘istondagi fojiada halok bo‘lgan 16 nafar O‘zbekiston fuqarosi istiqomat qilgan Toshloq tumani aholisiga nisbatan haqoratli so‘zlarni ishlatdi. Hodisa haqida Kun.uz nashri xabar qildi.

Audioyozuvda (quyida havola qilinadi) viloyat ma’muriyati rahbari deb aytilayotgan erkak Toshloq tumani Farg‘ona viloyatini butun O‘zbekistonga sharmanda qilganlikda ayblaydi.

2012 yildan buyon viloyatni boshqarib kelayotgan hokim o‘z yordamchisiga haj safariga boruvchilar ro‘yxatidan tuman aholisini o‘chirishni topshiradi.

«Toshloqdan chiqqan haromilar bor edi besh-oltita. Haromilar. Haromini haromi deyiladi. Toshloqdan birontasi hajga bormaydi. Birortasi hajga bormaydi! Haj safariga birortasi bormaydi!!! Tirigiyam bormaydi, boshqasiyam bormaydi», — dedi hokim.

Shuhrat G‘aniyev fojia sababli viloyat aholisiga jabrlangan oilalarga moliyaviy yordam ajratishga to‘g‘ri kelganini ma’lum qildi.

«Eshitib qo‘yinglar, toshloqliklar! Yana bechora viloyatliklar 80 million so‘m homiylik qilishga majbur bo‘ldi. Har biri uchun 5 million so‘mdan. Buni ta’na qilish uchun gapirayotganim yo‘q», — dedi ma’muriyat rahbari.

Hokim Toshloq tumanidan yosh farzandlarining ketishiga ruxsat bergan ota-onalarni tanqid qildi.

«20 yashar, 22 yashar, uylanmagan yigitlar ketaveradimi? Ota-onasi nima deyapti, karaxtmi ular? Endi bechora uchastka noziri aybdor qilinadi. Mahalladagilar turibdi tishini kovlab», — dedi Shuhrat G‘aniyev.

U ertaga hajga borishni taqiqlagani va boshqalardan shikoyat qilishlari, tanqid qilishlaridan, qo‘pollikda ayblashlaridan qo‘rqmasligini ma’lum qildi.

Farg‘ona viloyati rahbari 2005 yildagi miting haqida ham eslab o‘tdi. «Miting qilgan ham shular bo‘ladi, 2005 yilda ichki ishlar xodimlarini tosh otib quvlaganlar shu haromilar edi. Qaralmasa, shunaqa bo‘ladi», — deydi hokim.

Shuhrat G‘aniyev Toshloq tuman hokimi Halimjon Umarovni keskin tanqid qilib, ishni eplay olmasa lavozimni tark etishi kerakligini aytdi.

«Padaringa la’nat, san toshloqliklarni… Hokimdan boshlab haromilar. Respublikaga butun viloyatni sharmanda qiladiganlar. Bozor ustidan yozadiganlaram Toshloqda, bozorda o‘zi eshakmindi o‘ynaydiganlaram Toshloqda (avvalroq O‘zA tuman bozori holatini tanqid qilgan edi — tahr.)», — dedi hokim.

Toshloq tuman dehqon bozori. Foto: O‘zA.

«Qo‘lingdan kemasa chiqib ket hozir zaldan, hokim bo‘lib o‘tirmasdan. Mard bo‘lsang, shunday chiqib ket-da, yo‘qolib ket! Yo‘qolib ket! Nomard!», — deya baqirdi hokim.

Aqto‘ba viloyatidagi fojia mavzusiga qaytar ekan, Shuhrat G‘aniyev O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi hududiy bo‘limiga ishlashga otlanayotgan Farg‘ona viloyati aholisini to‘xtatib qolishga topshiriq beradi.

«Bularning hammasi (halok bo‘lganlar — tahr.) mashinada ketgan. Poyezddayam ketmagan, samolyotdayam ketmagan. Har bir bekat tekshiriladi, GAIni rahbari Rahmatjon Toshnazarov odam beradi, tekshirasizlar. Bekatda kuzatiladi, o‘zi yuki ko‘pligidan ma’lum bo‘ladi, kim qayoqqa ketayotgani», — dedi hokim.

Farg‘ona viloyati hokimiyatidan «Gazeta.uz"ga haqiqatdan ham 23 yanvar kuni yig‘ilish bo‘lib o‘tgani tasdiqlandi. O‘z ismini aytishni istamagan xodimlardan biri Shuhrat G‘aniyev o‘z so‘zlarida Toshloq tumani aholisini emas, balki rahbariyatini tanqid qilganini ma’lum qildi.

«Katta fojia bo‘ldi. Shuning uchun, ko‘rinib turibdiki, hokim Toshloq tumanidagi vaziyatdan juda xafa bo‘lgan. U o‘z so‘zlarida tuman ma’muriyati «ko‘zlarini ochish"ni, ularning vijdoni uyg‘onib, bunday holatlar takrorlanmasligini xohlagan. Hokimni yaqindan tanigan odamlar uning toshloqliklarni qanday yaxshi ko‘rishini biladi. U faqat 2005 yilda mitingda qatnashganlarni so‘kdi, aniq odamlarni nazarda tutdi», — dedi suhbatdosh.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hokim hajni taqiqlash haqida gapirganda ziyoratga borishni mo‘ljallab turganlarga pullarni ehtiyojmandlarga ehson qilishni taklif qilishni istagan.

Hokim so‘zlarini kelgusida bu kabi fojiali holatlar takrorlanmasligining oldini olishdagi urinish deb qabul qilish kerak, deya ta’kidladi hokimiyat vakili.

Audio