O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Vashingtonga amaliy tashrifi doirasida AQSH Kongressi Kutubxonasidagi brifingda ma’ruza qildi, deya xabar berdi TIV matbuot xizmati.

Brifing Shavkat Mirziyoyev prezidentligining birinchi yili yakunlari hamda 2018 yilda va kelgusi yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlariga bag‘ishlandi.

O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirda Kongress, Amerika ma’muriyati, ekspert, ishbilarmonlar va jamoatchilik doiralari, Jahon banki va XVJ vakillari ishtirok etdi.

Vazir Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilgan islohotlar hamda istiqboldagi rejalar to‘g‘risida axborot berdi. U davlat rahbarining Oliy Majlisga murojaatnomasining asosiy jihatlarini sanab o‘tdi.

Barcha sohalardagi islohotlar «Inson manfaati hamma narsadan ustun» tamoyili asosida olib borilayotgani ta’kidlandi. O‘tgan davr mobaynida erishilgan muvaffaqiyatlar O‘zbekistonni tubdan o‘zgartirib, mamlakatga yangi qiyofa baxsh etdi, dedi Abdulaziz Kamilov.