Tourist-friendly ko‘ngilli sertifikatiga ega umumiy ovqatlanish muassasasi kunu tun ishlash huquqiga ega bo‘ladi. Bu haqda dushanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ma’lum qildi.

Uchrashuvda qayd etilishicha, restoranlar, kafe va barlar 23:00 da o‘z eshiklarini yopishlari lozim. Ushbu masala yuzasidan Davlat turizm qo‘mitasiga sayyohlar va umumiy ovqatlanish muassasalari rahbarlaridan shikoyatlar kelib tushmoqda.

«Biz kunu tun ishlashni xohlagan kafe va restoranlar sayyohlar xavfsizligini ta’minlab, tourist-friendly tizimi talablariga javob berishini taklif qildik. Davlat turizm qo‘mitasi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasini ishlab chiqdi. O‘ylaymanki, tez orada bizda 24 soat ishlaydigan umumiy ovqatlanish muassasalari paydo bo‘ladi», — dedi u.

Tourist-friendly («sayyohlarga do‘stona») sertifikati uch yil muddatga berilib, mazkur muassasa sanitariya me’yorlari, mahsulotlar sifati va assortimentiga bo‘lgan talablarga javob berishi, suv, elektr ta’minoti, videokuzatuv tizimlari va boshqa xavfsizlik choralari, shuningdek xorijiy tillarni biluvchi xodimlar hamda turli to‘lov tizimlari mavjud bo‘lishi lozim.