O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot hajmi YAIMning 50 foizidan ko‘proqni tashkil etadi. Payshanba kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub yig‘ilishida iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Mubin Mirzayev ekspertlar bahosiga asoslanib bu haqda ma’lum qildi.

«Ekspertlar hisob-kitobiga ko‘ra, yalpi ichki mahsulotda yashirin iqtisodiyotning ulushi 50 foizdan ko‘proqni tashkil etadi. Bu, o‘z navbatida iqtisodiyotning rivojlanishiga va byudjet tushumlariga xalal bermoqda», — dedi Mubin Mirzayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, valyuta bozorini liberallashtirish mazkur muammoni yechishda birinchi qadam bo‘ldi, kelgusi qadam esa soliq tizimini isloh qilish bo‘ladi.

«Masalan, qo‘shilgan qiymat solig‘i (20 foiz — tahr.), agarda u imtiyoz va preferensiyalarsiz olinsa, davlat byudjetining 80 foizgacha xarajatlarini qoplashi mumkin. Shuni aytishni xohlardimki, 1 iyulga qadar soliq tizimini qayta ko‘rib chiqamiz. Ikkinchidan, barcha tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va raqobat muhitini yaratish bo‘yicha aniq takliflarni kiritib, yashirin iqtisodiyotni legallashtirishga imkon beramiz», — dedi iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari.

Yashirin iqtisodiyot ulushining kamaytirilishi soliq bazasini kengaytirish va davlat byudjetining daromad qismi barqarorligini mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Solishtirish uchun: xalqaro Diplomli sertifikatli buxgalterlar uyushmasi (ACCA) tadqiqotlariga ko‘ra (PDF) 2016 yilda norasmiy iqtisodiyot hajmi Rossiyada YAIMning 39 foizi, Ozarbayjonda — 67 foiz, Ukrainada -45,9 foiz, Turkiyada — 25,7 foizni tashkil etadi. Yashirin sektor hajmi AQSH (YAIMning 7,7 foizi), Yaponiya (10 foiz) va Xitoyda (10,1 foiz) nisbatan past ko‘rsatkichlarga ega.