O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Dushanbega amaliy tashrifi doirasida Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon bilan ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi, deya xabar berdi Tojikiston Prezidenti matbuot xizmati.

Jumladan tijoriy cheklovlarni bartaraf etish, fuqarolarning chegaralardan o‘tish tartiblarini soddalashtirish, mahsulotlarni tashish tariflarini pasaytirish, mavjud temir yo‘llarni qayta tiklash, chegaralardagi minalashtirilgan maydonlarni tozalash, nazorat-o‘tkazish punktlarini ochish va davlat chegaralari bilan bog‘liq boshqa masalalar muhokama qilindi, deyiladi xabarda.

Emomali Rahmon tojik tomonining O‘zbekiston bilan suv va energetika resurslaridan foydalanish sohasida hukumatlararo hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanini ta’kidlab, Tojikiston mazkur masalada hech qachon mintaqa mamlakatlari uchun muammolar tug‘dirishga harakat qilmagani, aksincha, suv va ekologik muammolarni hal etishda dunyo va mintaqa hamjamiyatining integratsiyasi tarafdori bo‘lganini qayd etdi.

Uchrashuvda mintaqa va dunyodagi turli xavf-xatarlar, jumladan terrorizm, ekstremiz va boshqa transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashda ikki tomonlama hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi.

Har ikki tomon ham o‘zaro manfaatdor barcha sohalarda sermahsul aloqalar o‘rnatilishidan umid bildirdi.