Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 dekabr kuni «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» yilida 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasini ishlab chiqishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoyishga imzo chekdi.

Hujjat bilan Prezidentning davlat maslahatchisi Otabek Murodov boshchiligida dastur loyihasini tayyorlash bo‘yicha ishchi guruh tashkil etildi. Ushbu guruhga jamoatchilik, milliy va xalqaro ekspertlar fikri, shuningdek o‘tkazilgan anjumanlar, seminarlar va davra suhbatlari natijalarini o‘rganish, 2017 yilda Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda yo‘l qo‘yilgan kamchilik va xatolarni tanqidiy o‘rganish vazifasi topshirildi.

Dastur loyihasi 2018 yilning 5 yanvarigacha tayyor bo‘lishi lozim, shundan so‘ng 5−15 yanvar kunlari loyiha keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etiladi. Jamoatchilik muhokamalari natijalari tahlili va kelib tushgan takliflar asosida 20 yanvardan davlat dasturi loyihasi takomillashtiriladi. Eslatib o‘tamiz, Harakatlar strategiyasi ham jamoatchilik muhokamasidan so‘ng qabul qilingan edi.

2018 yilgi davlat dasturida Prezidentning 22 dekabrda Oliy Majlisga murojaatnomasida tilga olingan masalalarning aks ettirilishi kutilmoqda.