2017 yilning birinchi 11 oyi davomida ichki ishlar organlarining 201 nafar xodimi jinoyat sodir etgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zAga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Xuddi shu davr mobaynida 7500 nafar xodimga nisbatan intizomiy choralar ko‘rildi, deya qayd etdi IIV rahbari.

U vazirlik tizimida «fuqarolarning haqli e’tirozlariga sababchi bo‘layotgan, nopok, ta’magirlik, poraxo‘rlik va „Ichki ishlar organlari xodimi“ degan nomga dog‘ tushirishi mumkin bo‘lgan salbiy xatti-harakatlarni sodir etishga moyil xodimlar yo‘q emas» deya tan oldi.

«Biz bunday mas’uliyatsiz xodimlarni aniqlash va ularga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash va saflarimizni tozalash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni davom ettiramiz», — deya ta’kidladi Po‘lat Bobojonov.

«Xalqimiz va Prezidentimiz ichki ishlar xodimlaridan juda katta o‘zgarishlarni kutmoqda. Bu yuksak ishonchni oqlash oson kechmaydi. Lekin biz, albatta, bunga erishamiz», — dedi u.