O‘zbekiston Afg‘onistonni yaqin qo‘shni va do‘st mamlakat deb biladi. Afg‘onistonda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatilishi, savdo, iqtisodiyot, transport, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorligimiz rivojlanishi uchun barcha sa’y-harakatlarni safarbar etmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani bilan muzokaralarda ma’lum qildi.

Mamlakatda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Afg‘oniston Prezidenti shunday dedi: «O‘zbekiston bilan hamkorligimizning yangi davri boshlanganidan mamnunmiz. Umid qilamizki, bu munosabatlarimiz oyma-oy, kunma-kun yanada mustahkamlanib boraveradi». So‘nggi bir yil ichida ikki davlat rahbarlari o‘rtasida besh marotaba uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ikki tomonlama hamkorlik 2016 yilga kelib, izchil rivojlana boshladi. 2017 yil yanvarda Toshkentda ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning birinchi davrasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili tayinlangani rasmiy Toshkentning ikki tomonlama munosabatlarga ajratayotgan e’tibori namunasi bo‘ldi.

O‘zA xabariga ko‘ra, Ko‘ksaroyda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollaridan tashqari, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar, xususan, terrorizm, ekstremizm va narkotrafikka qarshi kurashish, Markaziy Osiyoda xavfsizlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatishning eng to‘g‘ri yo‘li — bu siyosiy muzokaralar olib borishdir, degan qat’iy pozitsiyada, deya ma’lum qildi Shavkat Mirziyoyev.

U hamkor davlatlar va tashkilotlarning moliyaviy, iqtisodiy va insonparvarlik yordamiga tayangan holda va Birlashgan Millatlar Tashkilotining faol ishtirokida umummilliy yarashuvga erishish muhimdir, deya ta’kidladi.

«Biz Afg‘oniston hukumatining mamlakatda barqarorlik va tinchlik o‘rnatish, muzokaralar orqali umummilliy yarashuvga erishish, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Qo‘shni Afg‘onistondagi tinchlik Markaziy Osiyoning barqaror va izchil rivojlanish istiqbollarini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun imkon yaratadi»

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Afg‘onistonning mintaqaviy iqtisodiy-ijtimoiy jarayonlarga qo‘shilishi uchun har tomonlama ko‘maklashish, iqtisodiyotni tiklash, transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirish, milliy kadrlarni tayyorlash jarayonlarida faol ishtirok etishini ta’kidladi.

2016 yilda O‘zbekiston va Afg‘oniston savdo aylanmasi qariyb 520 million dollarga yetgan. Savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish uchun amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Jumladan, temir yo‘l, tranzit va boshqa to‘lovlarning tarif narxlari tushirilib, tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilmoqda. O‘zbekiston Afg‘oniston bozoriga mashinasozlik, elektrotexnika, kimyo va to‘qimachilik mahsulotlari, zamonaviy yengil va yuk mashinalari, avtobuslar, qishloq xo‘jaligi texnikasi, mineral o‘g‘itlar, qurilish materiallari, oziq-ovqat, meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berishga tayyor.

Muzokarada madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Umumiy madaniy-ma’naviy meros ramzi bo‘lgan Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa allomalar qadamjolarini birgalikda qayta tiklash, ta’mirlash va obodonlashtirish bo‘yicha ham kelishib olindi.

2018 yil Afg‘onistonda Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha xalqaro konferensiya, Toshkentda olima ayollarga bag‘ishlangan xalqaro simpozium o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

O‘zbekiston Afg‘oniston uchun zarur mutaxassislarni oliy o‘quv yurtlarida o‘qitishga tayyorligini bildirdi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Afg‘oniston Prezidentlarining Qo‘shma bayonoti imzolandi. Bundan tashqari, mamlakatlar o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan 16 hujjat imzolandi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik, chegara postlaridan o‘tkazish, fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam, yuklarni tranzit tashish, bojxona, qishloq xo‘jaligi, energetika, sog‘liqni saqlash, oliy ta’lim sohalariga oid hujjatlar shular jumlasidandir.

Xavfsizlik sohasida hamkorlikka oid qo‘shma komissiya tuzish, Termiz shahrida Afg‘onistonning konsulxonasini ochish to‘g‘risidagi kelishuvlarning muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Transport va energetika infratuzilmalarini barpo etish sohasidagi hamkorlik avvalo ikki mamlakat, qolaversa, mintaqa davlatlari uchun strategik ahamiyat kasb etadi. Xususan, Surxon — Puli Xumri elektr uzatish liniyasini qurish loyihasi O‘zbekiston mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi. Mozori Sharif — Shibirg‘on — Maymana — Hirot temir yo‘li birgalikda barpo etiladi.

Tashrif doirasida O‘zbekistondan bug‘doy, qora metall, mineral o‘g‘itlar, qurilish mollari, dukkakli va boshqa mahsulotlar eksporti bo‘yicha umumiy qiymati 500 million dollardan ziyod bo‘lgan tijorat shartnomalari imzolangani alohida qayd etildi.

Afg‘oniston Prezidenti Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodiga tashrif buyurdi. Tadbirda samimiy do‘stlik munosabatlarining ifodasi sifatida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 25 dona «Isuzu» rusumli avtobus va «New Holland» markali 3 ta traktor O‘zbekiston Prezidenti nomidan birodar Afg‘onistonga hadya etilgani e’lon qilindi.

Chorshanba kuni Muhammad Ashraf G‘ani Buxoroga tashrif buyurib, Buxoro davlat universitetida ma’ruza qiladi.