O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tadbirkorlik aviatsiyasi tashkil etiladi. U yakka tartibdagi va korporativ parvozlar, shuningdek, ular bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatishga ixtisoslashadi, deya xabar qildi O‘zA.

Shanba kuni Shavkat Mirziyoyev «Toshkent-Sharqiy» aerodromi bazasida fuqaro (ishbilarmonlik (aviatsiyasi aeroport majmuasi qurilishi bilan tanishdi. Aeroport qurilishi to‘g‘risidagi davlat rahbari qarori iyunda imzolangan edi.

«O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturining xabar qilishicha, aeroport har qanday sig‘imdagi laynerlarni qabul qilishi mumkin.

«Ishbilarmonlik aviatsiyasi tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar, qulayliklar yaratadi», - deya qayd etdi Prezident. Qurilish ishlarini 2019 yil so‘ngiga qadar yakunlash rejalashtirilgan.

Prezidentimiz yangi aeroportda xorijlik delegatsiyalarga yuksak darajada xizmat ko‘rsatish, bu yerda ko‘plab infratuzilma ob’ektlari, mehmonxona, biznes markazlari tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga zarur topshiriqlar berdi.

Shavkat Mirziyoyev xuddi shu kuni Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroportiga ham tashrif buyurdi.

«Toshkent-4» xalqaro terminali qurilishi loyihasi bilan tanishar ekan, Prezident O‘zbekistonga sayyohlar oqimini 6 million kishigacha oshirish vazifasi qo‘yilganini hisobga olgan holda loyihani tezlashtirishga ko‘rsatma berdi.

Shavkat Mirziyoyev rekonstruksiya qilinayotgan kutish zalini (mahalliy liniyalarning sobiq binolari) ham ko‘zdan kechirdi. Mazkur kutish zali 10 yanvarga qadar foydalanishga topshirilishi lozim.

U bu yerda yetti qavatli mehmonxona qurishni taklif qilib, xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish lozimligini ta’kidladi.

Aeroport, bojxona organlari, chegara xizmatlari va ichki ishlar organlari xodimlari har bir mehmonni iliq qarshi olishi zarur, deya ta’kidladi Prezident.