27 noyabr kuni ertalab Farg‘ona viloyatining Rishton tumanidagi «Rishton bosmaxonasi» korxonasida havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘ldi, deya xabar qildi O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Viloyat FVB ma’lumotlariga ko‘ra, hodisaga gaz vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik sabab bo‘lgan.

Natijada 1 nafar fuqaro o‘rta darajadagi (15%) kuyish bilan jarohat olgan. Shuningdek, chaqnash to‘lqini zarbasi natijasida «Rishton bosmaxonasi» MCHJ binosining yaqinida joylashgan 1 sonli umumta’lim maktabining 3 nafar o‘quvchisi yengil tan jarohati olishgan.

Jabrlangan fuqaro tuman tibbiyot birlashmasi tez tibbiy yordam bo‘limiga yotqizilgan. Birinchi yordam ko‘rsatilgandan so‘ng, maktab o‘quvchilari uyiga jo‘natilgan.

Sodir bo‘lgan voqea yuzasidan Rishton tumani prokuraturasi, ichki ishlar va yong‘in xavfsizligi bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

FVV fuqarolarni gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilishga chaqirdi.