O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Seulda bo‘lib o‘tgan O‘zbek-koreys biznes-forumida janubiy koreyalik investorlarning O‘zbekistondagi sarmoyalarini ishonchli himoya qilishga shaxsan kafolat berishini ma’lum qildi.

«Sarmoyalaringizning ishonchli himoyasi, mol-mulklar daxlsizligi va daromadlarning erkin o‘tkazilishini kafolatlayman», - dedi Koreya Respublikasida davlat tashrifi bilan bo‘lib turgan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident o‘z nutqida tadbirkorlik muhitini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar: valyutalarning erkin konvertatsiyasining joriy etilgani, tashqi savdo, xom ashyo tovarlari hamda energiya tashuvchilar bozorining liberallashtirilgani va boshqalar to‘g‘risida ma’lum qildi.

«Biz aniq anglaymizki, biznes o‘zaro manfaatli bo‘lishi lozim, - dedi O‘zbekiston Prezidenti. - Har bir koreys sarmoyadori bizning bozorimizda o‘zi uchun daromad topib, bir vaqtning o‘zida bizning iqtisodiyotimizni rivojlantirishga hissa qo‘shgan holda mamnuniyat bilan mehnat qilishi lozim».

U koreys kompaniyalari O‘zbekistonni uzoq muddatli hamkor sifatida ko‘rishlari uchun eng qulay sharoitlar yaratilishini ta’kidlab o‘tdi.

«Bu quruq gap emas. Bu mening siyosiy irodam, mening qattiq va o‘zgarmas pozitsiyam», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident o‘zining Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida 10 mlrd dollarga yaqin ikki tomonlama investitsion kelishuvlar va savdo shartnomalarining salmoqli paketi imzolanishini qayd etib o‘tdi.

Jumladan, energetika sohasida: infratuzilma ob’ektlarini to‘liq modernizatsiya qilish, quyosh va fotoelektr stansiyalar qurish, energiya tejovchi uskunalarni ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvlar imzolandi.

«Gaz-kimyo va kimyo sohalarida katta imkoniyatlarni ko‘rmoqdamiz, - dedi davlat rahbari. - Biz O‘zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlarida talabgir bo‘lgan polimerlar va plastmassa, sun’iy tola, o‘g‘itlar, maishiy kimyo, boshqa kimyoviy mahsulotlarning keng assortimentini ishlab chiqarishni kengaytirishni maqsad qilganmiz».

U O‘zbekistondagi resurs bazalaridan foydalangan holda qurilish materiallarining yangi turlarini ishlab chiqarish sohasida hamkorlik istiqbollari to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tdi.

Prezident so‘zlariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi sohasida - mahsulotlarni ishlab chiqarish va yetkazib berishdan tortib, ularni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan ishlar bo‘yicha hamkorlik uchun imkoniyatlar mavjud.

Shavkat Mirziyoyev forum ishtirokchilariga O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi huzurida Koreys biznes markazi tashkil etilishi rejasi haqida ma’lum qildi. U «yagona darcha» rejimida koreys kompaniyalariga O‘zbekistonda amaliy yordam berish va qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi.

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishlar qayta yo‘lga qo‘yilganini qayd etgan Prezident Koreya Respublikasi JSTga a’zo bo‘lish masalasida hamkorlik bo‘yicha «yo‘l xaritasi» imzolagan birinchi davlat bo‘lganini ma’lum qildi.

O‘z nutqi yakunida Shavkat Mirziyoyev: «O‘zbekiston koreys biznesi uchun o‘z eshiklarini keng ochgan. Men va O‘zbekiston hukumati O‘zbekistondagi har bir koreys sarmoyadorini, har bir hamkorlikdagi loyihani har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, yordam ko‘rsatamiz», - dedi.