O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni davlat tashrifi bilan Koreya Respublikasiga yetib keldi. Seul aeroportida davlat rahbari va uning turmush o‘rtog‘ini bosh vazir o‘rinbosari, strategiya va moliya vaziri Kim Don Yo kutib oldi.

O‘zbekiston Prezidenti tashrifi sharafiga ikki mamlakatning davlat bayroqlari ko‘tarildi. Qizil gilamli yo‘lakcha bo‘ylab tarixiy libosdagi Faxriy qorovul rotasi askarlari saf tortdi. Uchrashuv marosimiga 21 artilleriya zalpi jo‘r bo‘ldi. Milliy libosdagi qizlar yuqori martabali mehmonlarga guldastalar taqdim etdi.

O‘zbekiston Prezidenti to‘xtagan qarorgohda juda iliq qabul bo‘lib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyev va birinchi xonimni milliy libosdagi bolalar hamda jamoatchilik vakillari kutib olishdi.

Mamlakat rahbarining Koreya Respublikasiga davlat tashrifini yoritish bo‘yicha matbuot markazining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, Prezident tashrif rejasi uchrashuv va muzokaralarga boy. Ikki mamlakatning turli mahkamalari o‘rtasida 70 ga yaqin hujjatlarning imzolanishi kutilmoqda.

Koreya Respubilkasi Prezidenti Mun Chje In bilan muzokaralarda kun tartibidagi ikki tomonlama masalalar, siyosiy, savdo-iqtisodiy, moliya-sarmoyaviy, ilmiy-texnik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi davlatlararo aloqalarni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish rejalashtirilmoqda.

Prezidentlar tomonidan Strategik hamkorlikni har tomonlama chuqurlashtirish to‘g‘risidagi hamkorlikdagi bayonotning imzolanishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi spikeri, bosh vaziri bilan uchrashib, O‘zbekiston-Janubiy Koreya biznes-forumiga tashrif buyuradi.