Bir qancha Moldova va Ukraina fuqarolari O‘zbekiston hududida bo‘lib turish qoidalarini buzgani sababli mamlakatdan chiqarib yuborildi, deya xabar qildi Toshkent Ichki ishlar bosh boshqarmasi «Gazeta.uz"ga.

Chet el fuqarolari Chilonzor tumanidagi «Abu Saxiy» bozoridan turli buyumlar, jumladan oshxona anjomlari, idish-tovoq komplektlari va boshqa tovarlarni arzon narxlarda xarid qilib, so‘ngra ularni odamlarga gavjum bo‘lgan bozorlar, supermarketlar yaqinlari va turar-joy mavzelarida Yevropada ishlab chiqarilgan, deb sotish bilan shug‘ullangan.

Moldova fuqarolari Aleksandr Pleshko, Aleksandr Chebotar, Mixail Chebotar, Nikolay Sherban, Vasile Sherban, Vadim Sharban va Moisei Preida hamda Ukraina fuqarosi Maksim Radu Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 225-moddasi 1-qismi bo‘yicha O‘zbekiston hududida bo‘lib turish qoidalarini buzganligi sababli mamlakatdan chiqarib yuborildi.

Xuddi shunday qoidabuzarlik uchun Matfey Nenit, Mixail Nenit, Yerimia Kir va Nikita Radukanga nisbatan Olmazor tuman ma’muriy ishlar bo‘yicha sudi tomonidan davlat hududidan chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi.