«O‘zbekenergo» kompaniyasi va Janubiy Koreyaning POSCO Daewoo va Hyundai Engineering and Construction kompaniyalari konsorsiumi Seulda energetika sohasida umumiy qiymati 1,84 mlrd dollar bo‘lgan uchta loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Hujjatlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida imzolandi.

Tashrifni yoritish bo‘yicha matbuot markazining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, tomonlar Navoiy issiqlik elektr stansiyasida 450 MVt quvvatga ega bug‘-gaz uskunasini quradi.

Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasidan Shimoli-G‘arbiy va Janubi-G‘arbiy energiya uzellarigacha 327 km masofaga 220 kVt quvvatli elektr energiyasini yetkazish liniyalarini qurish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 2018−2021 yillarda Buxoro, Samarqand va Jizzax viloyatlarida elektr tarmoqlari va energiya uskunalari modernizatsiya qilinadi.