1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish sohasida hisob-kitoblarni amalga oshirish tartiblari o‘zgartiriladi. Bunday xizmatlar uchun 10 foizlik oldindan to‘lov joriy etiladi. Iste’molchilarni qayta ulash iste’molchilar guruhlaridan kelib chiqqan holda eng kam oylik ish haqining 2−10 barobarigacha miqdordagi to‘lov asosida amalga oshiriladi.

Mazkur choralar Prezident Shavkat Mirziyoyevning 16 noyabrdagi «Suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida ko‘zda tutilgan. Hujjat «respublika aholisini suv bilan barqaror ta’minlashni xavf ostiga qo‘yadigan yuzaga kelgan vaziyatni, shuningdek, uni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rish zaruratini inobatga olgan holda» qabul qilindi, deyiladi farmonga berilgan rasmiy sharhda.

Farmonda respublikaning vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligini boshqarish tizimini, suv iste’molini nazorat qilish va hisobga olish mexanizmlarini tubdan takomillashtirishni, shuningdek, suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashni ta’minlashga qaratilgan kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar nazarda tutildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining (keyingi o‘rinlarda Byuro deb yuritiladi) vazifalari doirasi kengaytirilmoqda. Endilikda, Byuro elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli uchun to‘lov intizomini mustahkamlash bilan bir qatorda suv ta’minoti va suv chiqarish sohasida to‘lovlar undirilishini ta’minlaydi. Yil oxiriga qadar tegishli funksiyalarning Byuroga o‘tkazilishini hisobga olgan holda «Suvoqova» va «Suvsoz» davlat unitar korxonalarining nazoratchi shtat birliklari qisqartiriladi.

Endilikda byuro xodimlari nafaqat elektr energiyasi va tabiiy gaz, shu bilan birga suv yetkazib berilishi va iste’molini hisobga olishning to‘liqligi hamda haqqoniyligi, hisob-kitoblarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi yuzasidan, shu jumladan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi bilan kelishmagan holda tekshirish o‘tkazish huquqiga ega bo‘ldi.

Suv uchun qarzdorlik mavjud bo‘lganda ham, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning bank hisobraqamlariga uni so‘zsiz undirish haqida bajarilishi majburiy bo‘lgan inkasso topshiriqnomalari qo‘yiladi, jismoniy shaxslarga nisbatan esa ish haqidan ushlab qolish haqida ish beruvchilarga talabnomalar yuboriladi.

Bundan tashqari, Byuro xodimlari suv uchun hisob-kitoblar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan, Byuro talabnomalari ijro etilmagan hollarda, shuningdek, tarmoqqa noqonuniy ulanish, talon-toroj holatlari aniqlanganda, iste’molchilarni suv ta’minoti va suv chiqarish tarmog‘idan uzish huquqiga ega bo‘ladi.

Farmonda Byuro va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari sohasida javobgarlik doirasi belgilab berilgan bo‘lib, bu mazkur idoralar faoliyatida bir-birining ishini qaytarish va takroriylik holatlarini istisno qiladi hamda ishonib topshirilgan faoliyat yo‘nalishi uchun javobgarlikning «yo‘qolib ketishi"ga yo‘l qo‘ymaydi.

Farmon qabul qilinishi munosabati bilan suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibiga ham jiddiy o‘zgartishlar kiritildi.

Xususan, 2018 yil 1 yanvardan boshlab bunday xizmatlar uchun 100 foizlik oldindan haq to‘lash tartibi joriy etildi. Bunda suv ta’minoti va suv chiqarish tarmog‘idan ilgari uzib qo‘yilgan shaxslarni qayta ulash iste’molchilar guruhlaridan kelib chiqib ulardan eng kam oylik ish haqining ikki va o‘n baravari miqdorida to‘lov undirish orqali amalga oshiriladi.

Suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida mas’ul vazirlik va idoralarga qator tashkiliy tadbirlarni o‘tkazish haqida topshiriqlar berildi.

Eng muhim tadbirlardan biri sifatida Farmon qabul qilingandan keyin bir oy muddatda suvni ishlab chiqarish, yetkazib berish va taqsimlashda yo‘qotishlarni aniqlash tartibi tasdiqlanishini ko‘rsatish mumkin.

Bundan tashqari, 2018 yil 1 yanvarga qadar suvni ishlab chiqarish, yetkazib berish va taqsimlashni nazorat qilish va hisobga olishning yagona avtomatlashtirilgan tizimini yaratish hamda joriy etishni, shu jumladan suv taqsimlash tarmoqlarida hisobga olish uskunalarini o‘rnatishni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Shu bilan bir qatorda, 2018 yil 1 aprelga qadar suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlarining barcha guruh iste’molchilarini inventarizatsiya qilish, shuningdek, iste’molchilar haqida yagona elektron ma’lumotlar bazasini yaratish va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarga tuzatishlar kiritish bilan bir vaqtda suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi ob’ektlarini texnologik auditdan o‘tkazish rejalashtirilgan. 2019 yil 1 yanvarga qadar esa vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligi ob’ektlari va inshootlari kadastr hujjatlarini rasmiylashtirgan holda inventarizatsiya qilinadi.

Bundan tashqari, Davlat rahbari tomonidan mas’ul vazirlik va idoralar oldiga vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlari faoliyatini tanqidiy o‘rganish hamda natijasi bo‘yicha suv ta’minoti va suv chiqarishni boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kiritish vazifalari qo‘yildi.

Farmonda yosh avlodda suvga nisbatan tejamkorona munosabatda bo‘lish va undan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan, xalq ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklariga tegishli topshiriqlar berildi.

Eng avvalo, so‘z respublika vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligida suvni ishlab chiqarish, sarflash va iste’mol qilishni hisobga olish tizimining amalda mavjud emasligi haqida bormoqda. Masalan, bugungi kunda respublika bo‘yicha suv olish inshootlari, suv quvurlari, vodoprovod tarmoqlari hamda suv ta’minoti va suv chiqarishning boshqa ob’ektlarida suvni hisobga olish uskunalari bilan ta’minlash atigi 29,4 foizni, iste’molchilarni qamrab olish esa 42 foizni tashkil etadi.

Oqibatda, amaliyotda suvning yetkazib berilishi, to‘lovlar o‘tkazilishi va o‘zaro hisob-kitoblar holati, shuningdek, iste’molchilarning debitor qarzdorligi haqidagi ma’lumotlarning ishonchliligi ta’minlanmayapti.

Bundan tashqari, uy-joy kommunal sohasida suv ta’minoti korxonalarini, jumladan menejment va debitor qarzdorlik undiruvini tashkil etish masalalarini boshqarishda samarali tizim mavjud emas.

Buning oqibatida yuzaga kelgan vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligi korxonalarining zarar bilan ishlashi, shuningdek, mazkur korxonalarda katta miqdordagi kreditor va debitor qarzdorlikning mavjudligi ularning moliyaviy ahvolini ichki imkoniyatlar hisobidan yaxshilash imkonini bermaydi.

Vodoprovod-kanalizatsiya tarmoqlari hamda suv ta’minoti va suv chiqarish ob’ektlarining aksariyat qismining eskirganligi, shuningdek, ularni yangilash va modernizatsiya qilish sur’atining pastligi ham jiddiy muammolardan hisoblanadi.

Xususan, respublikaning mavjud vodoprovod-kanalizatsiya tarmoqlari va suv ta’minoti ob’ektlaridan qirq yildan ko‘p muddat davomida foydalanilmoqda, suv quvurlari va suv ta’minoti tarmoqlarining 35 foizidan ortig‘i esa kechiktirib bo‘lmaydigan ta’mirga muhtoj.

Suv ta’minoti va suv chiqarish ob’ektlarining achinarli ahvoli, ayniqsa, joylarda suvni iste’molchilarga yetkazib berish va sotishda ko‘plab falokat va boshqa salbiy holatlarni, uzilishlarni keltirib chiqarayotgan, deyarli 40 foizga yetayotgan jiddiy yo‘qotishlarga olib kelmoqda.

Vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlarining yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun yuqori darajada qarzdorligi ham tarmoqning rivojlanishiga salbiy ta’sir etayotgan jiddiy muammolardandir. Masalan, joriy yil 9 oyida suv ta’minoti korxonalarining elektr energiyadan qarzdorligi 43,2 milliard so‘mga ko‘payib, 276,1 milliard so‘mni tashkil etgan.

Vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlari xodimlari kasbiy darajasining pastligi, shuningdek, malakali kadrlarning tizimdan ketib qolgani, suv ta’minoti va suv chiqarish korxonalari xodimlari o‘rtasida huquqbuzarlik sodir etish holatlarining mavjudligi xavotir uyg‘otmay qolmaydi.

Misol uchun, faqat 2015−2017 yillar davomida ushbu korxonalar mansabdor shaxslariga nisbatan talon-toroj, qarzdorlikni hisobdan chiqarganlik uchun moddiy manfaatdorlik, noqonuniy ravishda suvdan foydalanganlik va suv ta’minoti tizimlariga ulanganlikni yashirish holatlari bo‘yicha 47 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.