Valyuta bozorining liberallashtirilishi va almashuv kursini shakllantirishda bozor mexanizmlarining joriy etilishi milliy eksportchi korxonalar xo‘jalik faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, mahalliy mahsulot va xizmatlar narx raqobatbardoshligi darajasini yaxshiladi. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan 5 sentyabrdan 14 noyabrgacha bo‘lgan davr mobaynidagi ichki valyuta bozori tahlilida so‘z boradi. Ta’kidlash joizki, bunday tahlil birinchi marotaba chop etilmoqda.

Iqtisodiyotda kuzatilayotgan o‘zgarishlari manzarasida 2017 yilning dastlabki 10 oyi davomida eksportdan valyuta tushumlari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20 foizdan ziyodroqqa o‘sdi. O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi sentyabr-oktyabr oylarida 754 mln dollarga oshib, 1 noyabr holati bo‘yicha 26 mlrd dollardan ziyodroqni tashkil etdi.

Markaziy bank yuridik va jismoniy shaxslarning valyuata operatsiyalarini amalga oshirishda norasmiy sektordan bank sektoriga jadal ravishda o‘tayotganini qayd etdi.

Yuridik shaxslarga 1,767 mlrd dollar sotilib, ulardan 1,442 mlrd dollar xarid qilindi. Markaziy bank talabga bo‘lgan taklifning ortishi natijasida almashuv kursi o‘rtasidagi farqning keskin ortib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida 325 mln dollar hajmidagi valyutani sotib oldi. Taqqoslash uchun — birinchi yarim yillikda MB har oyda o‘rtacha 290 mln dollarni valyuta zaxiralari hisobidan sotgan.

Xorijiy valyuta takliflari tuzilmasi eksportchilarning 915 mln dollari (52 foiz) hamda tijoriy banklarning 852 mln dollar, shu jumladan aholidan ayirboshlash shoxobchalari orqali sotib olingan valyutani sotib olish hisobidan shakllantirildi.

Xorijiy valyuta sotib olishga talablar tuzilmasi ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan import uchun 1,212 mlrd dollar, chet el kreditlarini qoplash uchun 91 mln dollari, xalq iste’moli mahsulotlari va dori vositalari importi uchun 79 mlrd dollar va chet ellik investorlar daromadlarini repatriatsiya qilish uchun 55 mln dollar miqdoridagi mablag‘lar xarid qilish hisobidan shakllantirildi.

Umuman olganda, valyuta bozori liberallashtirilganidan so‘ng ichki valyuta bozoridagi operatsiyalarning o‘rtacha oylik hajmi sezilarli darajada o‘sdi. Xo‘jalik sub’ektlari tomonidan sotib olingan oylik o‘rtacha xorijiy valyutalar miqdori 25 foizga (116 mln dollar) o‘sib, birinchi yarim yillikdagi 461 mln dollardan sentabr-noyabr oylarida 577 mln dollarni tashkil etdi.

Xorijiy valyutani sotish bo‘yicha oylik o‘rtacha ko‘rsatkich 4 barobardan ziyodroqqa oshib, birinchi yarim yillikdagi 172 mln dollardan 707 mln dollarga yetdi.

Ikki yarim oy mobaynida tijoriy banklar tomonidan jismoniy shaxslardan 644 mln dollar miqdorida naqd pul ko‘rinishidagi xorijiy valyuta sotib olindi. Konversion operatsiyalar (jismoniy shaxslarga xorijiy valyua sotish) hajmi 23 mln dollarni tashkil etdi. Bunda ayniqsa import bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan konversion operatsiyalar hajmi har oyda o‘sib bormoqda.

Sentyabr boshidan buyon ayriboshlash kursida keskin o‘zgarish kuzatilmadi, ayriboshlash kursi 1 dollar uchun 8049−8110 so‘m (1 foizdan kamroq) atrofida tebranib turdi.

Oktyabrda bank kassalari orqali naqd pul aylanmasi hajmi birinchi yarim yillikning o‘rtacha oylik ko‘rsatkichlariga nisbatan 2,3 barobardan ortiqroqqa o‘sib, naqd pul tushimi va xarajatlari o‘rtasidagi muvozanat me’yorini ta’minladi. Bunda bank kassalariga tushumlar hajmi 2,8 barobarga o‘sdi (birinchi yarim yillikda o‘rtacha oylik hajm 2 trln so‘m bo‘lgan holatda oktyabrda 5,7 trln so‘mni tashkil etdi).