13-noyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulazi Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Madrid shahrida Ispaniya Qirolligi Savdo bo‘yicha davlat kotibi Mariya Luisa Ponsela bilan uchrashdi. Muzokaralar davomida hamkorlikni, avvalo savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi, deb xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Suhbatda ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekiston va Ispaniya investitsion aloqalarni kengaytirish, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi va nomenklaturasi ko‘paytirish uchun yetarlicha imkoniyatlarga ega bo‘lib, 2017 yilning yanvar-iyul oylarida bu ko‘rsatgich 71,5 mln AQSH dollarini tashkil etdi.

Uchrashuv va shu kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Ispaniya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi biznes-forumda iqtisodiyotning turli sohalarida birgalikdagi va o‘zaro manfaatli yangi loyihalarni amalga oshirishning istiqbollari batafsil ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston hukumati va Ispaniya hukumati o‘rtasida iqtisodiyot va sanoat sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Ispaniya Savdo palatasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.