O‘zbekiston Prezidenti 3 noyabr kuni “Maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini lisenziyalash, shuningdek, eksport kontraktlarini ro‘yxatga olish va import kontraktlarini ekspertizadan o‘tkazishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmon hamda “Tashqi savdo faoliyatini yanada erkinlashtirish va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Farmonga muvofiq, maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash O‘zbekiston Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida Vazirlar Mahkamasining Tashqi savdo faoliyati, iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlarining eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti tomonidan amalga oshiriladi. Bunda litsenziyalanishi lozim bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatidan zargarlik buyumlari, qimmatbaho metallardan tayyorlangan buyumlar va qimmatbaho toshlar va ulardan tayyorlangan buyumlar chiqarildi.

Bir-birini takrorlovchi jarayonlarga chek qo‘yish maqsadida farmonda Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasidagi import shartnomalarini ekspertizadan o‘tkazishning amaldagi tartiblari soddalashtirilib, o‘zgartishlar kiritildi. Jumladan, 100 ming AQSH dollaridan kam bo‘lgan miqdorda tuzilgan import shartnomalarini ekspertizadan o‘tkazish bekor qilindi.

Bitta tender bo‘yicha summasi 100 ming AQSH dollariga teng miqdordan ortiqni tashkil etadigan tender savdolari doirasida tender hujjatlari ekspertizasi yoki tender takliflarini baholash O‘zbekiston Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda tender savdolari natijalari bo‘yicha tuzilgan import kontraktlari qo‘shimcha ekspertizadan o‘tkazilmasdan hisobga qo‘yiladi.

Xizmatlarni (ishlarni) eksport qilish operatsiyalari bo‘yicha -bajarilgan ishlarni qabul qilish dalolatnomasi imzolangan sanadan boshlab, tovarlarni eksport qilish operatsiyalari bo‘yicha esa — bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan sanadan boshlab muddati o‘tkazib yuborilgan debitor qarzdorlik hosil bo‘lishini hisoblashning yagona muddati 120 kun etib belgilanadi (avval — 60−90 kun).

Tovarlar, ishlar va xizmatlar eksportini oldindan to‘lov, ochilgan akkreditiv, rasmiylashtirilgan bank kafolati va eksport kontraktini siyosiy va tijorat tavakkalchiliklaridan sug‘urta qilish bo‘yicha polis mavjud bo‘lmasdan xorijiy valyutaga eksport qilish huquqi beriladi. Yangi uzilgan meva-sabzavot mahsulotlari va ayrim tovarlar bundan mustasno.

1 dekabrdan boshlab tadbirkorlik subyektlariga tovarlarni (maxsus tovarlardan tashqari), ishlar va xizmatlarni eksport kontrakti tuzmasdan, invoyslar asosida, eksport qiluvchilarning O‘zbekiston banklaridagi hisobraqamlariga oldindan to‘lov 100 foiz tushgandan so‘ng eksport qilish huquqi berildi.

Tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan debitor qarzdorlik hosil bo‘lganligi uchun bevosita tadbirkorlik subyektlari javob beradilar;

Import operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan debitor qarzdorlik hosil bo‘lganligi uchun import qiluvchilarga nisbatan eksport operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan debitor qarzdorlikka yo‘l qo‘ygan eksport qiluvchilar uchun nazarda tutilgan javobgarlik choralari qo‘llaniladi.

Yengib bo‘lmaydigan kuch (fors-major) ta’siri yuzaga kelgan holatda xorijiy valyutadagi tushumning tushishi muddati ushbu ta’sir yuz bergan davlatning vakolatli organi tomonidan tasdiqlangan, yengib bo‘lmaydigan kuchning amal qilishi davriga uzaytiriladi.

Tovarlar, ishlar va xizmatlar eksport qiluvchining hisobraqamiga eksport kontraktini sug‘urtalash polisi bo‘yicha sug‘urta qoplamasi summasi (milliy va/yoki xorijiy valyutalarda) tushganda, ushbu eksport kontrakti bo‘yicha debitor qarzdorlik summasi moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash maqsadlari uchun sug‘urta qoplamasi summasiga kamaytiriladi.

Bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar qo‘llanilgan holda O‘zbekistonning bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlarning bojxona qiymatini tasdiqlash uchun import qiluvchilar tomonidan eksport bojxona yuk deklaratsiyasi majburiy taqdim etilishi bo‘yicha talab bekor qilinadi.

“Vaqtincha olib kirish” bojxona rejimi ostidagi tovarlarni qayta eksport qilishga davlat bojxona xizmatlari organlari tomonidan ruxsatnoma berilishi bo‘yicha talab bekor qilinadi.