Kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan shaxs Nyu-Yorkda terakt sodir etishda gumon qilinmoqda, deya xabar qildi RIA Novosti. Seshanba kuni Manxettenda yuk mashinasi bir necha ko‘chada velosiped yo‘lakchasi bo‘ylab harakatlanib, o‘z oldidan chiqqan piyodalar va velosipedchilarni bosib ketgan, shundan so‘ng qasddan maktab avtobusi bilan to‘qnashish sodir etgan.

Haydovchi politsiyachilar tomonidan yarador qilingan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa natijasida 8 kishi, jumladan 5 Argentina fuqarosi halok bo‘lgan, 11 kishi jarohatlangan.

Nyu-York meri Bill De Blazio hodisani terakt deb atagan, AQSH Prezidenti Donald Tramp esa jinoyat sodir etgan shaxsni ruhiy nosog‘lom deb atagan. Nyu-York shtati gubernatori Endryu Kuomo Jahon savdo markazi 1 (One World Trade Center, quyidagi suratda) binosini ozodlik va demokratiya ramzi bo‘lmish qizil, oq va ko‘k ranglarda yoritishga ko‘rsatma bergan.

Hodisa joyida.

Qo‘lga olingan shaxs 2010 yilda AQSHga grin-karta orqali kelgan 29 yoshli o‘zbekistonlik Sayfullo Saipov bo‘lib chiqdi. NBC telekanalining xabar qilishicha, gumondor shaxs mashinasida hujumni «Islom davlati» guruhi nomidan sodir etayotgani to‘g‘risidagi qaydni qoldirgan.

NBC xabariga ko‘ra,gumondor Paterson (Nyu-Jersi shtati) shahrida yashagan, biroq qo‘lga olish chog‘ida undan Florida shtati haydovchilik guvohnomasi chiqqan bo‘lib, unda Tampa shahri manzili ko‘rsatilgan.