Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji direktori, senator Agrippina Shin maktabgacha ta’lim vaziri etib tayinlandi. Bu haqda «Gazeta.uz» ga hukumatdagi manba ma’lum qildi.

Bunga qadar xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimini egallab kelgan Sobitxon Turg‘unov vazir o‘rinbosari bo‘ldi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi O‘zbekiston Prezidentining 30 sentyabrdagi qarori bilan tashkil etilgan edi.

Vazirlik zimmasiga maktabgacha ta’lim sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari tarmoqlarini kengaytirish, ularni yuqori malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olishni kengaytirish, ta’lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy dastur va texnologiyalarni joriy etish, shuningdek bolalarni maktabga tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash vazifalari yuklandi.

Payshanba kuni O‘zbekiston Prezidenti maktabgacha ta’lim tizimini tubdan yaxshilash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Davlat rahbari barcha parametrlar bo‘yicha zamonaviy tizimni tashkil etishga topshiriq berdi.

U kelgusi 3−4 yilda 5−6 yoshdagi barcha bolalarni maktabgacha ta’limga to‘liq qamrab olishga erish lozimligini ta’kidladi.

«Bu ertangi kunimizni hal qiladigan masala va biz buni albatta amalga oshiramiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.