Toshkent IIBB Yolg‘iz keksalarning uylaridan mol-mulklarni o‘g‘irlashda gumon qilingan 1965 yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan G‘afurjon Toshev qo‘lga olganini xabar qildi.

«Toshkent shahrining bir nechta tumanlarida noma’lum shaxs, yolg‘iz yashovchi keksa yoshdagi fuqarolarning xonadoniga kelib, ularga o‘zini yangi qo‘shnisi yoki lift ustasi sifatida tanishtirib, uy telefoni orqali qo‘ng‘iroq qilib olish, hojatxonaga kirib chiqish hamda shu kabi boshqa bahonalar bilan kirishga erishib, piyoz to‘g‘rab berishni so‘rab chalg‘itgan holda, xonadonlardan turli miqdordagi naqd pullar va moddiy qimmatliklarni o‘g‘irlab, hodisa joyidan yashiringan», — deyiladi xabarda.

Qayd qilingan jinoyatlarni fosh qilish, jazo muqarrarligini ta’minlash maqsadida, Toshkent shahar IIBB va uning tizimlarida xizmat olib boruvchi barcha shaxsiy tarkib e’tibori mazkur jinoyatlarga qaratilgan holda, shahar miqyosida keng qamrovli tezkor qidiruv chora-tadbirlari o‘tkazildi. Jumladan, mahalla va mavzelarda aholi bilan surishtiruv va ogohlantirish ishlari amalga oshirildi.

Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘irlik, ya’ni o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish) alomatlari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilib, uning boshqa jinoyatga aloqadorligi tekshirilmoqda.

Toshkent IIBB shahar aholisiga murojaat qilib, keksa yoshdagi fuqarolarga nisbatan shu turdagi jinoyatlar sodir qilinganlik ehtimoli mavjudligi sababli qo‘ni-qo‘shni, qarindosh hamda boshqa shaxslarga qo‘lga olingan shaxsning fotosuratini ko‘rsatish, ularga nisbatan shu turdagi jinoyatlar sodir etilgani aniqlangan taqdirda «102» raqamiga qo‘ng‘iroq qilish yoki yaqin atrofdagi ichki ishlar bo‘limlariga murojaat etishni so‘radi.