Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi va uning amalga oshirilishi uchun «Yo‘l xaritasi"ni 8 sentyabrdagi farmoni bilan tasdiqladi. Konsepsiyada O‘zbekiston davlat boshqaruv tizimini tubdan isloh qilishning oltita asosiy yo‘nalishlari belgilandi.

Rejalashtirilgan ma’muriy islohotning maqsadlari — kutilayotgan islohotlarning to‘liq amalga oshirilishini ta’minlashga, ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va samarali hal etishga qodir bo‘lgan, innovatsion rivojlanishning umumjahon tendensiyalariga javob beradigan davlat boshqaruvi tizimini yaratish. Shuningdek, islohot fuqarolar huquq va erkinliklarini ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish, ularning farovonligini va ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatidan qanoatlanish darajasini yanada oshirishni ta’minlaydi.

Konsepsiya doirasida 100 dan ziyod davlat organlari va xo‘jalik boshqaruvidagi tashkilotlar faoliyati qayta ko‘rib chiqiladi. Farmonga muvofiq bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilish yuzasidan tanqidiy o‘rganish o‘tkazish va takliflar tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etildi.

Konsepsiyaning to‘liq matnini e’lon qilamiz.

O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi

2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga (keyingi o‘rinlarda Harakatlar strategiyasi deb yuritiladi) muvofiq, davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirish va liberallashtirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish davlat va jamiyatni modernizatsiya qilishning muhim maqsadlari etib belgilandi.

Ushbu maqsadlarga erishishning muhim sharti amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar va davlat dasturlarining to‘liq ro‘yobga chiqarilishini ta’minlay oladigan, shuningdek, ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish muammolarini o‘z vaqtida aniqlaydigan va samarali hal qiladigan davlat boshqaruvi tizimining aniq faoliyat ko‘rsatishi hisoblanadi.

Shu bilan birga, Harakatlar strategiyasini amalga oshirish jarayonining tizimli tahlili va aholi bilan muloqot natijalari davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining (keyingi o‘rinlarda ijro etuvchi hokimiyat organlari deb yuritiladi) faoliyatini tashkil etishda islohotlarni to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qiluvchi jiddiy kamchiliklarning saqlanib qolayotganligidan dalolat bermoqda. Xususan:

  • ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini tashkil etish asoslari hududlarni rivojlantirish sur’atlarini pasaytiruvchi, joylarda to‘planib qolgan muammolarning o‘z vaqtida hal etilishini ta’minlamayapti. Ijro etuvchi hokimiyat organlari (vazirliklar, davlat qo‘mitalari, agentliklar, qo‘mitalar, markazlar, inspeksiyalar) huquqiy maqomining ayrim holatlarda aniq chegaralab qo‘yilmaganligi ularning davlat apparatidagi aniq o‘rni va rolini aniqlash imkonini bermayapti;
  • ayrim ijro etuvchi hokimiyat organlariga yuklatilgan vazifalarning deklarativ xarakterga egaligi, ularni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari yetarli emasligi, vazifalarning takrorlanishi va davlat tomonidan ortiqcha tartibga solish holatlarining mavjudligi amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ularga xos bo‘lmagan funksiyalarning bajarilishi, shuningdek, sezilarli darajada kvazidavlat sektorning (xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari) mavjudligi iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning davlat tomonidan haddan tashqari tartibga solinishiga olib kelmoqda;
  • ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning amaldagi tizimi qabul qilinayotgan qarorlarning ijrosiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishni ta’minlamayapti. Davlat-hokimiyat vakolatlari berilgan ko‘plab idoralararo kollegial organlarning (komissiyalar, kengashlar, ishchi guruhlar va boshqalar) mavjudligi ijro etuvchi hokimiyat organlari vazifa va funksiyalarining o‘rnini egallashga, qabul qilinayotgan qarorlar va aniq natijalarga erishish uchun javobgarlikning susayishiga olib kelmoqda;
  • ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini baholash mexanizmlari faqat holatlarni qayd etish va statistik ma’lumotlarni joriy to‘plashdan iborat bo‘lib, bu aksariyat hollarda joylardagi ishlarning haqqoniy holatini aks ettirmaydi;
  • ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlari javobgarlik sohalarining aniq chegarasi, ayniqsa, joylarda ijro etuvchi hokimiyat organlarining ichki idoraviy va idoralararo o‘zaro hamkorligining ta’sirchan mexanizmlari mavjud emas;
  • davlat funksiyalari va vakolatlarining haddan tashqari markazlashtirilganligi hududlarni rivojlantirish dasturlarini shakllantirish va aholining eng muhim muammolarini hal qilishda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rolining pasayishiga olib kelmoqda;
  • boshqaruv jarayoniga ishlarni rejalashtirish va tashkil etishning zamonaviy innovatsion uslublarini, ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish darajasi qabul qilinayotgan qarorlarning samarali amalga oshirilishini ta’minlash va uning jarayonini tezkor kuzatib borish imkonini bermaydi, shuningdek, davlat boshqaruvini ortiqcha byurokratlashtirish va uning yuqori sarf-xarajatlarining sababi hisoblanadi;
  • xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan davlatning tartibga solish va xo‘jalik funksiyalari qo‘shib olib borilishi, yetarli darajada moslashuvchanlikka va bozorga yo‘naltirilganlikka ega bo‘lmagan, eskirgan tarmoq boshqaruv tizimi, individual imtiyoz, preferensiya va afzalliklarning asossiz taqdim etilishi sog‘lom raqobat muhitining rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda;
  • ijtimoiy va davlat-xususiy sheriklikning rivojlanmaganligi nodavlat notijorat tashkilotlari va tadbirkorlik sub’ektlarining dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishdagi ishtirokini cheklaydi hamda oqibatda byudjet xarajatlarining kamayishini ta’minlamaydi;
  • ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining yetarli darajada ochiq va shaffof emasligi, jamoatchilik nazoratining kuchsiz mexanizmlari haddan tashqari byurokratiyaga va korrupsiyaning turli ko‘rinishlariga olib kelmoqda. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish darajasi aholi va biznesning istak va talablariga javob bermayapti, davlat boshqaruvi tizimiga bo‘lgan ishonchni oshirish imkonini bermayapti;
  • ayrim rahbarlarda lozim darajada mas’uliyat va tashabbuskorlikning mavjud emasligi hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni va maqsadli ko‘rsatmalarni o‘z vaqtida hamda sifatli hal etishga salbiy ta’sir qilmoqda. Davlat xizmatining unifikatsiyalangan huquqiy asoslari, davlat xizmatchilarining maqomini belgilovchi yagona normalar, ularning faoliyatini baholash mezonlari shakllantirilmaganligi davlat xizmatchilarining professional korpusini yaratish imkonini bermayapti;
  • ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarini ijtimoiy-moddiy himoya qilishning past darajada ekanligi, yuklatilgan javobgarlik darajasining ular ijtimoiy-huquqiy holatiga muvofiq kelmasligi, mehnatga haq to‘lash va ijtimoiy ta’minot jamg‘armasini shakllantirishning yagona prinsiplari mavjud emasligi malakali kadrlarning davlat xizmatidan chiqib ketishi hamda korrupsiyaviy holatlar, davlat tomonidan ajratilayotgan moliyaviy resurslarning adolatsiz va nomutanosib taqsimlanishi uchun sharoit yaratmoqda.

Davlat boshqaruvi tizimidagi mavjud kamchiliklar jamiyatning o‘sib borayotgan talablariga lozim darajada munosabat bildirish, joylarda to‘planib qolgan muammolarni hal qilish, iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, oqibatda esa odamlarning hayotida kutilayotgan ijobiy o‘zgarishlarga erishishni ta’minlash imkonini bermaydi.

Shu munosabat bilan quyidagi asosiy yo‘nalishlarni nazarda tutuvchi Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirish orqali davlat boshqaruvining konseptual yangi modelini shakllantirish alohida ahamiyat kasb etadi:


I. Ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish.

1. Ijro etuvchi hokimiyat organlari, shu jumladan, ularning tarkibiy va hududiy bo‘linmalarini tashkil etish va tugatishning ma’muriy apparat, byudjet yuklamasi asossiz oshishi va davlat boshqaruvini byurokratlashtirishning oldini olishga qaratilgan aniq mezonlari hamda tartib-taomillarini joriy etish.

2. Real ehtiyoj, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga salbiy ta’sirga yo‘l qo‘ymaslik, respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasidagi nomutanosiblikni bartaraf etish, shuningdek, kadrlar va moddiy resurslarning to‘g‘ri taqsimlanishini ta’minlashni hisobga olgan holda, ijro etuvchi hokimiyat organlari, ularning tuzilmalari va bo‘linmalarini optimallashtirish.

3. Ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlarining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tegishli departamentlari bilan o‘zaro hamkorligi mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish hisobiga biriktirilgan sohada davlat siyosati amalga oshirilishi uchun ularning mustaqilligi hamda javobgarligini oshirish.

4. Ma’muriy tartib-taomillarni optimallashtirish, boshqaruv jarayonini avtomatlashtirish, hududlar va butun mamlakatda yuzaga kelayotgan tahdid va muammolarga o‘z vaqtida hamda munosib ta’sir ko‘rsatish uchun axborot almashishning samarali tizimini shakllantirish maqsadida barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida «Elektron hukumat» tizimi va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada keng joriy etish.

5. Quyidagilar orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish:

  • «yagona darcha», shu jumladan, idoraviy markazlar negizida jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlarini tashkil etish;
  • barcha davlat xizmatlarini tartibga solish, ularni yagona reyestrga kiritish;
  • davlat xizmatlari ko‘rsatishda ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan idoralararo hamkorlik orqali olish lozim bo‘lgan hujjatlar va ma’lumotlarning ro‘yxatini belgilash va bosqichma-bosqich kengaytirish.

6. Ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning mansabdor shaxslarining qarorlari va harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi organlarga shikoyat qilish tartibini takomillashtirish, nizolarni sudgacha hal qilish usuli sifatida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini kollegial eshitish mexanizmlarini joriy etish orqali ma’muriy adliya tizimini rivojlantirish.


II. Ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazifalari (funksiyalari, vakolatlari)ni, ularni amalga oshirish mexanizmlari va javobgarlik sohasini aniqlashtirish, muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorlik jarayonlarini takomillashtirish.

1. Ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlarining aniq vazifalari (funksiyalari, vakolatlari) va javobgarlik sohasini belgilash, har bir vazifa va funksiyani amalga oshirish mexanizmlarini belgilaydigan, shu jumladan, axborot-tahliliy qo‘llab-quvvatlash, strategik rejalashtirish, loyiha boshqaruvi, tartibga solish funksiyalarini amalga oshirish, davlat xizmatlari ko‘rsatish masalalari bo‘yicha ma’muriy tartib-taomillar hamda reglamentlarni joriy etish.

2. Hududlarni rivojlantirish bo‘yicha vazifalarni hal qilishda barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlarining samarali ishini tashkil etish va kuchlarini safarbar etish, shuningdek, tor idoraviy yondashuv holatlarining oldini olish imkonini beruvchi ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni — Vazirlar Mahkamasi — respublika davlat boshqaruvi organlari — tarkibiy va hududiy bo‘linmalar — mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari» ta’sirchan tizimini joriy etish.

3. Tegishli vakolatlarni aniq davlat organlariga o‘tkazish va ularga qabul qilinayotgan qarorlarning natijasi uchun javobgarlikni yuklash orqali davlat-hokimiyat vakolatlari berilgan idoralararo kollegial organlarni (komissiyalar, kengashlar, ishchi guruhlar va boshqalar) tubdan qisqartirish.

4. Hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari va joylardagi dolzarb muammolarni kompleks hal etish zaruratini hisobga olgan holda, davlat va hududiy rivojlantirish dasturlarini shakllantirishda hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tashabbuskorligini oshirish hamda rolini kuchaytirish.

5. Maqsadli indikatorlarga erishishga va strategik rivojlanish dasturlarini amalga oshirish samaradorligiga asoslangan barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning rahbarlari faoliyatini, shu jumladan, dasturiy byudjetlashtirish va vakillik hokimiyati organlari tomonidan ular hisobotlarini eshitish yo‘li bilan baholashning prinsipial yangi tizimini joriy etish.

6. Normativ-huquqiy hujjatlarni ularning ta’sirini lozim darajada baholamasdan qabul qilishga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, kollizion normalar, ikki xil sharhlash, korrupsiya ko‘rinishlari va davlat tomonidan ortiqcha tartibga solish holatlariga olib keluvchi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish amaliyotini bosqichma-bosqich bartaraf etishni nazarda tutuvchi «aqlli tartibga solish» modellarini va qabul qilinayotgan qarorlarning tartibga solish ta’sirini tahlil qilishning standartlashtirilgan uslubiyotini joriy etish.

7. Ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini mavjud muammolarning oqibatlariga qarshi kurashishga emas, uning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga yo‘naltirish maqsadida ayrim davlat funksiyalarini jamoatchilik nazorati sub’ektlariga o‘tkazish va ortiqcha ma’muriy tartibga solishni kamaytirish orqali tartibga solish vositalarini takomillashtirish.

8. Ishni tashkil etishning aniq natijalarga erishishga qaratilgan zamonaviy uslublarini (sifat menejmenti, indikativ rejalashtirish, autsorsing, kraudsorsing) joriy etish.

9. Rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini monitoring qilish jarayoniga fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari bilan ochiq muloqotni ta’minlaydigan jamoatchilik bilan hamkorlikning zamonaviy shakllarini (virtual qabulxonalar, «ishonch telefonlari») keng joriy etish.


III. Iqtisodiyot tarmoqlariga ma’muriy ta’sir ko‘rsatishni yanada qisqartirish va boshqaruvning bozor mexanizmlarini kengaytirish.

1. Eng zarur iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarda (sanoat, transport, energetika va boshqalar) sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, davlat va tijorat manfaatlari to‘qnashuvini bartaraf etishga qaratgan holda, boshqaruv tizimini takomillashtirish.

2. Xususiy sektor samarali faoliyat ko‘rsatayotgan sohalarda davlat ishtirokidagi tijorat tashkilotlarini tuzishga cheklov choralarini belgilash va amaldagi korxonalarni qayta tashkil etish, shuningdek, sog‘lom raqobat muhitining rivojlanishini cheklayotgan alohida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga eksklyuziv huquqlar, individual imtiyozlar hamda preferensiyalar berish amaliyotidan voz kechish.

3. Iqtisodiy faoliyatda, eng avvalo, davlat unitar korxonalarini tashkil etish va faoliyatini boshqarish, ishonchli boshqaruvchilar va davlatning ishonchli vakillari vakolatlarini, ularning iqtisodiy va boshqaruv samaradorligini oshirish, birinchi navbatda, davlat aktivlarini boshqarish tizimining moliyaviy shaffofligi va samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni boshqarishning korporativ mexanizmlarini rivojlantirish sohalarida davlat ishtirokining aniq bozor mexanizmlarini ishlab chiqish.

4. Nazorat vakolatiga ega ijro etuvchi hokimiyat organlarini («O‘zdavneftgazinspeksiya», «O‘zdavenergonazorat» va boshqalar) ularning nazorati ostidagi xo‘jalik boshqaruvi organlari («O‘zbekneftgaz» AJ, «O‘zbekenergo» AJ va boshqalar) hisobidan moliyalashtirish amaliyotidan voz kechish.

5. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning dolzarb masalalarini (ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm, kommunal xo‘jaligi, yo‘l-transport infratuzilmasi) hal qilishda nodavlat notijorat tashkilotlari va tadbirkorlik sub’ektlarining keng ishtirokini ta’minlashga hamda byudjet xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan ijtimoiy va davlat-xususiy sheriklikning huquqiy va institutsional bazasini takomillashtirish.

6. Litsenziyalash, sertifikatlashtirish, akkreditatsiyadan o‘tkazish va ruxsat berish tartib-taomillari orqali davlat funksiyalarining lozim darajada bajarilishi ustidan davlat nazorati mexanizmlarini joriy etgan holda ularning ayrimlarini xususiy sektorga o‘tkazish. Ayni vaqtda davlat nazoratining ortiqcha ma’muriy choralarini (litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari), shu jumladan, ularni muqobil tartibga solish turlariga (javobgarlikni majburiy sug‘urtalash, muvofiqlikni deklaratsiyalash va boshqalar) almashtirish orqali qisqartirish.

IV. Vertikal boshqaruv tizimi va ijro etuvchi hokimiyat organlari hamkorligining mexanizmlarini takomillashtirish.

1. Respublika davlat boshqaruvi organlari vakolatlarini mahalliy davlat hokimiyati organlariga, viloyatdan tuman (shahar) davlat hokimiyati organlariga o‘tkazishni nazarda tutgan holda, davlat boshqaruvini bosqichma-bosqich nomarkazlashtirish. Davlat boshqaruvining turli darajadagi o‘zaro funksiya va vakolatlarini, xususan, umumdavlat miqyosidagi strategik masalalarni respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida qoldirish, shuningdek, ular tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlariga berilgan vakolatlardan lozim darajada foydalanayotganligi ustidan nazorat qilishni aniq chegaralash.

2. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy imkoniyatlarini, shu jumladan, mahalliy byudjetga soliq ajratmalarini ko‘paytirish hamda hududlarni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati organlarining soliq solish bazasini kengaytirishdan manfaatdorligini kuchaytirish orqali kengaytirish.

3. Hokimning mahalliy hokimiyat vakillik organining rahbari sifatidagi maqomini unda ijro etuvchi hokimiyat rahbari maqomini saqlagan va xalq deputatlari Kengashlarining kotibiyatini tuzgan holda qayta ko‘rib chiqish orqali mahalliy davlat hokimiyati tizimini tashkil etishda hokimiyatlar bo‘linishi tamoyilining amaliy ro‘yobga chiqarilishini ta’minlash.

4. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining, ayniqsa, xalq deputatlari Kengashlarining ijro etuvchi hokimiyat organlari hududiy bo‘linmalari faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha roli va mas’uliyatini oshirish.

5. Tegishli vakolatlarni hokimga bosqichma-bosqich o‘tkazish orqali hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar kadrlarini tanlash va joy-joyiga qo‘yish masalalarida mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini kuchaytirish.

6. Kelgusida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va hokimlar faoliyati ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini ta’minlashga qaratilgan hokimlarni saylash tartibini joriy etish.

7. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning dolzarb masalalarini hal etishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining rolini va faoliyat samaradorligini oshirish.

V. Davlat boshqaruvi tizimiga strategik rejalashtirishning zamonaviy shakllari, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish.

1. Mamlakatning intellektual va texnologik salohiyatini oshirishning uzoq muddatli ssenariylari asosida ustuvor soha va tarmoqlarni innovatsion rivojlantirishning kelajakdagi modellarini shakllantirish imkonini beradigan strategik rejalashtirish tizimini yaratish.

2. Davlat xizmatlari ko‘rsatishning tartib-taomillarini optimallashtirish va soddalashtirishni, davlat organlari faoliyatining samaradorligini oshirishni ta’minlaydigan davlat boshqaruvining innovatsion shakllarini joriy etish.

3. Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish sohasini, shu jumladan, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ishlab chiqish bo‘yicha har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda unga investitsiyalarni keng jalb qilish, ularni yanada rivojlantirishni ta’minlaydigan normativ-huquqiy bazani shakllantirish.

4. Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatning zamonaviy yutuqlarini joriy etishning samarali mexanizmlarini, shu jumladan, ilmiy-eksperimental ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar, yuqori texnologiyalar markazlari va texnoparklarni tashkil etish orqali yaratish.

5. Tabiatni muhofaza qilish, resurs va energiya tejaydigan texnologiyalarni, shu jumladan, muqobil va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini qo‘llashni rivojlantirish, suvni tozalash hamda chuchuklashtirishning zamonaviy shakllarini kengaytirish, undan oqilona foydalanish orqali keng joriy etish.

VI. Professional davlat xizmatining samarali tizimini shakllantirish, ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish.

1. Davlat xizmatchilarining professional korpusini yaratish maqsadida davlat xizmatini tashkil etish, shu jumladan, huquqiy maqomi, davlat xizmatchilarining klassifikatsiyasi, xizmatga qabul qilishning shaffof mexanizmlari (tanlov asosida), kadrlar zaxirasini shakllantirish, xizmatni o‘tash, axloq normalariga rioya etilishini ta’minlash masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish.

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida yagona davlat kadrlar siyosatini amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan ixtisoslashtirilgan organni tashkil etish.

3. Davlat boshqaruvi sohasida mutaxassislar tayyorlashning va davlat xizmatchilari malakasini oshirishning maxsus ta’lim yo‘nalishlarini ishlab chiqish, shaxsiy yutuq, bilim va kasb mahorati asosida ularning faoliyati samaradorligini baholashning zamonaviy uslublarini joriy etish.

4. Davlat xizmatining jozibadorligini oshirish, korrupsiyaning yuzaga kelish xavfi va mansab suiiste’molchiligini kamaytirish imkonini beradigan davlat xizmatchilari mehnatiga haq to‘lash va ijtimoiy ta’minotining zamonaviy tizimini yaratish.

5. Ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining shaffofligi va ochiqligini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarga axborot taqdim etishning zamonaviy shakllarini joriy qilish, jamiyat va biznes bilan o‘zaro hamkorlik qilishda ortiqcha ma’muriy sarf-xarajatlarga barham berish.

6. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishning yangi, samarali mexanizm va uslublarini joriy etish.

7. Ish vaqti va moddiy-ishlab chiqarish resurslaridan oqilona foydalanish hisobiga ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining mehnat unumdorligini oshirish.


VII. Ma’muriy islohotlarning amalga oshirilishidan kutilayotgan natijalar.

1. Kutilayotgan islohotlarning to‘liq amalga oshirilishini ta’minlashga, ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va samarali hal etishga qodir bo‘lgan, innovatsion rivojlanishning umumjahon tendensiyalariga javob beradigan davlat boshqaruvi tizimini yaratish, shu jumladan, quyidagilar orqali:

  • ortiqcha va o‘ziga xos bo‘lmagan vazifa, funksiya va vakolatlarni bartaraf etish, takrorlash va parallelizmni tugatish hisobiga davlat boshqaruvi tizimini optimallashtirish hamda nomarkazlashtirish;
  • davlat boshqaruvini byurokratiyadan xoli qilish va uning sarf-xarajatlarini pasaytirish, boshqaruv qarorlari qabul qilish tizimining faoliyat samaradorligini va shaffofligini oshirish;
  • strategik rejalashtirish, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar tizimini joriy etish;
  • iqtisodiyot tarmoqlariga ma’muriy ta’sir ko‘rsatishni yanada qisqartirish hamda boshqaruvning sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi va aholining ishchanlik faolligini oshirishga qaratilgan bozor mexanizmlarini kengaytirish;
  • jamoatchilik va parlament nazoratining, eng avvalo, korrupsiya ko‘rinishlarining oldini olishga qaratilgan samarali shakllarini joriy etish.

2. Fuqarolar huquq va erkinliklarini ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish, ularning farovonligini va ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatidan qanoatlanish darajasini yanada oshirish, shu jumladan, quyidagilar orqali:

  • davlat organlarining jismoniy va yuridik shaxslar bilan huquqiy munosabatlarini aniq tartibga solishga qaratilgan ma’muriy tartib-taomillarni takomillashtirish;
  • ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlari va harakatlari ustidan shikoyat qilish tartibini takomillashtirishni, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini kollegial eshitish mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutuvchi ma’muriy adliya tizimini rivojlantirish;
  • «Elektron hukumat» tizimini takomillashtirish orqali davlat xizmatlari ko‘rsatishning samaradorligini oshirish;
  • jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash.

Ma’muriy islohotlarni samarali amalga oshirishning pirovard natijasida «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan g‘oya hayotga to‘liq tatbiq etilishi lozim.