O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mamlakatdagi Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi loyihasini tayyorladi. U muhokama uchun e’lon qilindi.

Konsepsiya «Xalq davlatga emas, davlat xalqqa xizmat qilishi kerak» degan tamoyilga asoslangan. Unda davlat boshqaruvining fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlovchi, xalqaro maydonda mamlakat raqobatbardoshligini oshiruvchi shaffof, samarali tizimni joriy etish ko‘zda tutilgan.

Ma’muriy islohotlar eng avvalo davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, davlat hukumat va boshqaruv organlarini tubdan qayta tashkil etish, ular faoliyatini islohotlar hamda liberallik, xalqparvarlik va javobgarlilik talablariga muvofiqligini ta’minlashi zarur.

Hujjatda qayd etilishicha, amaldagi davlat boshqaruvi modelini takomillashtirmasdan, mazkur sohadagi muammolarni hal etmasdan turib 2017−2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ko‘rsatilgan vazifalarga erishib bo‘lmaydi.

Loyihada davlat boshqaruvi tizimidagi mavjud muammolar va ularning yechimlari batafsil keltirilgan.

Konsepsiya loyihasi muhokamasi 29 avgustga qadar davom etadi.