O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev juma kuni Toshkent viloyatining Olmaliq shahriga tashrif buyurib, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining ikkinchi bosqichi boshlangani munosabati bilan korxonaga tegishli yangi konga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Marosimda davlat rahbari balandparvoz so‘zlarni chetga surib, uning o‘rniga Olmaliq aholisi muammolari va ularning orzu-umidlari to‘g‘risida qalbdan suhbatlashib olishni taklif qildi, deya xabar berdi «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot» dasturi.

«Agar iqtisodiyot rivojlansa, narxlar arzon bo‘ladi, biz esa fuqarolar muammolariga ko‘z yumishda davom etayapmiz. Bizning bolalar qanday sharoitda voyaga yetmoqda, qanday bolalar bog‘chalari va maktablarga qatnamoqda, sog‘liqni saqlash muassasalari qanday sharoitda, qani oilaviy dam olish uchun istirohat bog‘lari, nima uchun uylar ta’mirsiz, yo‘llar o‘ydim-chuqur? — deya Prezident so‘zlaridan iqtibos keltirdi axborot dasturi. — Albatta, ularni 30 yil avvalgi bilan solishtirib bo‘lmaydi. Olmaliq o‘zgardi, biroq bugun endi hayotga, mehnatga bo‘lgan talablar boshqacha».

«Shunday kombinatga ega bo‘lgan Olmaliq shahri, albatta, odamlar bu yerda yashashi uchun, bu yerga kelish uchun navbatlarda turishi uchun eng chiroyli, eng ommabop, eng arzon, eng qulay shahar bo‘lishi kerak edi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Afsuski unday emas. Turar-joylar eski, hech qanday sharoit yo‘q, suv yo‘q, birorta namunali shifoxona yo‘q… Yaxshiroq bolalar kasalxonasi, shunday musiqa markazi, shunday zamonaviy bog‘ [qurish] mumkin edi».

«Chetdan O‘zbekiston, Olmaliq, zavod, kombinat uchun hech kim hech narsa qilmaydi. Hech kim daraxt o‘tqazmaydi», — deya davom etdi mamlakat rahbari. U birinchi navbatda hayotga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirish, ishni qo‘lga olish va vaziyatni o‘zgartirish zarurligini ta’kidladi.

«Olmaliqda ikki marta yaxshiroq yashash mumkin. Bugun yashash kerak, ertaga, bu — kelajak, odamlar esa bugunni xohlamoqda. Bolalarni yaxshi kutubxona, yaxshi istirohat bog‘i, yaxshi do‘konga yetaklab olib borish uchun. Xalqqa yordam berish kerak. Uyida chakka o‘tmasligi uchun, yerto‘la quruq bo‘lishi uchun, tom bo‘lishi kerak, maktabda eng oddiy narsalar bo‘lishi kerak, shifoxona shifoxonaday bo‘lishi kerak, bugun bizda bo‘lganiday emas…».

«Bugun shunday qaror qildim, — deya so‘zini davom ettirdi Prezident. — Oddiy o‘qituvchi, oddiy chilangar, kombinat ishchilari uchun o‘nta yetti qavatli uy quriladi. O‘ntadan beshtasini bir yil ichida metkombinat uchun qurishni xohlaymiz… Bir yildan keyin bu yerga kelaman, sizga va’da beraman».

U mutasaddi shaxslarga, bosh vazir, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatovga shahardagi bolalar bog‘chalaridan birini ta’mirlashni tashkil etishni topshirdi. Bu keyingi ishlar uchun namuna bo‘lishi kerak. Qolgan 14 ta maktabgacha ta’lim muassasasi OKMK tomonidan rekonstruksiya qilinib, jihozlanadi. Uning rahbari Aleksandr Farmonovga «ishga yondashuvni ko‘rib chiqish», bir yil, ikki yilga emas, balki 10−20 yil uchun reja tuzish taklif qilindi.

OKMK rahbari shu kundan e’tiboran shaharning faxriy hokimi hisoblanadi. Bu lavozim emas, biroq javobgarlikdir, deya ta’kidladi Prezident. Aleksandr Farmonov amaldagi hokim va boshqa mutasaddi shaxslarga shaharni rivojlantirish va aholi muammolarini hal etishda yordamlashadi.