Yangi o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistondagi 15 ta OTMda pedagogik yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlar ochiladi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning 9 avgustdagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Qaror ta’lim muassasalarining maktabgacha, boshlang‘ich, musiqa, tasviriy san’at, chet tillari, mehnat ta’limi, jismoniy tarbiya yo‘nalishlari va boshqa fanlar bo‘yicha oliy ma’lumotli pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, tumanlar va qishloq joylardagi ta’lim muassasalarini yuqori malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash hamda ularni tayyorlash tizimini joylarda tashkil etishni yanada takomillashtirish orqali ta’lim sifatini yaxshilash maqsadlariga qaratilgan.

Statistikaga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston xalq ta’limi tizimida jami 15359 ta ta’lim muassasasi, jumladan 4893 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 9680 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 23 ta Mehribonlik uyi, 304 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 211 ta «Barkamol avlod» markazi, 227 ta bolalar va o‘smirlar sport maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda o‘rta maxsus, kasb-hunar kollejlarini va bilim yurtlarini bitirgan 97 564 nafar pedagog kadrlar faoliyat yuritmoqdalar.

Pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlar tashkil etiladigan oliy ta’lim muassasalari ro‘yxati:

1. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti

2. Andijon davlat universiteti

3. Buxoro davlat universiteti

4. Guliston davlat universiteti

5. Qarshi davlat universiteti

6. Namangan davlat universiteti

7. Samarqand davlat universiteti

8. Termiz davlat universiteti

9. Urganch davlat universiteti

10. Farg‘ona davlat universiteti

11. Jizzax davlat pedagogika instituti

12. Navoiy davlat pedagogika instituti

13. Nukus davlat pedagogika instituti

14. Qo‘qon davlat pedagogika instituti

15. Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti

Maxsus sirtqi bo‘limlarning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga hamda kamida uch yil pedagogik amaliy ish stajiga ega bo‘lgan, maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari ehtiyojlari asosida tasarrufida ushbu ta’lim muassasalari mavjud bo‘lgan vazirliklar va idoralar tomonidan beriladigan tavsiyanomaga ega pedagog kadrlar hisobidan amalga oshiriladi.

Maxsus sirtqi bo‘limda o‘qish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Maxsus sirtqi bo‘limda o‘qiyotgan talabalarga imtihonlar, sinovlar topshirish, diplom, kurs, laboratoriya va boshqa o‘quv ishlarini bajarish vaqtida ularning oylik maoshlari asosiy ish joyida saqlangan holda bir o‘quv yilida ikki marta bir oydan o‘quv ta’tillari beriladi. Bunda, o‘quv ta’tillari qoida tariqasida umumta’lim muassasalaridagi qishki va yozgi ta’til vaqtiga to‘g‘ri kelgan davrda beriladi va ularga belgilangan tartibdagi yillik mehnat ta’tillarini berish tartibi ham saqlanib qoladi.

Talabalarning oliy ta’lim muassasasida o‘qishda bo‘lgan davriga to‘g‘ri keladigan dars soatlari o‘qishga yuborgan ta’lim muassasasining o‘qituvchilari (xodimlari) tomonidan mehnatga soatbay haq to‘lash shartlari asosida o‘tiladi.

Maxsus sirtqi bo‘lim talabalari o‘qishga kirishda tavsiyanoma beruvchi vazirlik yoki idora, oliy ta’lim muassasasi va talaba o‘rtasida o‘qishni yakunlagandan keyin tavsiyanoma bergan tashkilot yo‘llanmasida ko‘rsatilgan ish joyida (ta’lim muassasasida) besh yildan kam bo‘lmagan muddatda ishlab berish majburiyati bilan uch tomonlama shartnoma tuziladi.

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti maxsus sirtqi bo‘lim ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejalari va dasturlari hamda o‘quv va o‘quv-metodik adabiyotlarni yaratish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi etib belgilandi. Universiteti qoshida huzurida pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlar tashkil etilgan oliy ta’lim muassasalarining o‘quv-metodik faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi Kengash tashkil qilinadi.

Pedagogik yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlar tashkil etilayotgan OTMlarda ikkinchi yoki navbatdagi oliy ta’limni olish uchun ham sirtqi bo‘limlar ochiladi. O‘qish muddat — eng kamida uch yil bo‘lib, bakalavriatning ikkinchi bosqichidan boshlanadi (o‘quv rejalaridagi fanlar o‘rtasida farq bo‘lishidan qat’i nazar).

Maxsus va sirtqi va sirtqi bo‘limlarda o‘quv jarayoni 2017—2018 o‘quv yilida istisno tariqasida 1 oktyabrdan boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, yaqin kunlarda O‘zbekiston Milliy universitetining 10 ta fakultetida ham ikkinchi mutaxassislik uchun sirtqi bo‘limlar ochilgan edi.