O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 2017 yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha 12,072 mlrd AQSH dollaridan ziyodroqni tashkil etib, o‘tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan 11,1 foizga o‘sdi, deb xabar bermoqda Davlat statistika qo‘mitasi. eksport hajmi 5,969 mlrd dollar (+131%), import esa 6,102 mlrd dollar (+9,2%) miqdorida bo‘ldi.

Tashqi savdo saldosi minus 132,7 mln dollarni, jumladan MDH davlatlari bilan minus 300,2 mln dollar, boshqa davlatlar bilan esa minus 432,9 mln dollarni tashkil etdi.

O‘zbekiston tashqi savdo operatsiyalari rezidentlari asosan Osiyo (umumiy savdo aylanmasining 47,2 foizi), Yevropa (42,2 foiz) va Amerika (3 foiz) davlatlari savdo aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.

MDH davlatlari orasida Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina, Tojikiston, Qirg‘iziston asosiy tashqi savdo sheriklardan hisoblanib, tashqi savdo aylanmasidagi umumiy ulushning 29,4 foizi ular hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. boshqa davlatlar orasida Xitoy, Turkiya, Koreya Respublikasi, Germaniya, Afg‘oniston, Braziliya, Hindiston, Eron, Latviya, Litva, Fransiya, AQSH, Shveysariya ulushi 43 foizga yetgan.

2017 yilning yanvar-iyun oylarida tashqi savdo sheriklari o‘nligi

Rossiya — 2,227 mlrd dollar (+13,6 foiz), ulushi — 18,5 foiz
Xitoy — 2,108 mlrd (+1,1 foiz), 17,5 foiz
Qozog‘iston — 953 mln (+11,4 foiz), 7,9 foiz
Turkiya — 709,9 mln (+28 foiz), 5,9 foiz
Koreya Respublikasi — 572,8 mln (+13,5 foiz), 4,7 foiz
Germaniya — 323,7 mln (+23,2 foiz), 2,7 foiz
Afg‘oniston — 289,4 mln (+14,2 foiz), 2,4 foiz
Braziliya — 203,7 (+26,4 foiz), 1,7 foiz
Hindiston — 166,5 mln (-6,6 foiz), 1,4 foiz
Eron — 166,3 mln (-19 foiz), 1,4 foiz

O‘zbekiston eksportida 27,9 foizi xizmatlar, 12,3 foizi — energotashuvchilar va neft mahsulotlari, 7,5 foizi kimyo mahsulotlari va buyumlari, 6,7 foizi qora va rangli metallar, 6,1 foizi oziq-ovqat sanoati mahsulotlari, 4,3 foizi paxta-tola, 2,4 foizi mashina va uskunalar, 32,8 foizi boshqa mahsulotlar tashkil etadi.

Import tuzilmasida esa mashina va uskunalar 37,2 foiz, kimyo sanoati mahsulotlari 17,9 foiz, oziq-ovqat mahsulotlari 11,1 foiz, qora va rangli metallar 9,9 foiz, energotashuvchilar va neft mahsulotlari 5,3 foiz hamda boshqa mahsulotlar 11,7 foiz ulushga ega bo‘ldi.