Toshkent viloyati ma’muriy markazi hisoblangan To‘ytepa shahri O‘zbekistondagi birinchi «aqlli» shahar bo‘ladi. Shaharni qayta qurish loyihasi janubiy koreyalik mutaxassislar bilan birgalikda ishlab chiqilmoqda, deya xabar berdi «O‘zbekiston» telekanalining «Axborot» dasturi.

Poytaxt viloyatiga safar uyushtirgan Prezident Shavkat Mirziyoyev juma kuni To‘ytepaning bosh rejasi bilan tanishdi. «Ikkinchi Toshkent… Shaharning ayrim joylari hatto ikkinchi Venetsiya kabi ko‘rinadi», — deyiladi reportajda.

Avval Toshkent viloyati o‘zining ma’muriy markaziga ega emas edi. Yil boshida poytaxt viloyati hokimiyati Toshkent shahridan To‘ytepaga ko‘chirildi.

«Loyihada yangi texnologiyalar, eko-shahar tizimi va O‘zbekiston an’analari hisobga olingan. Shu bilan birga, har bir yangi qurilayotgan shaharda mavjud bo‘lishi shart bo‘lgan yangiliklar joriy etilgan. Shahar O‘zbekistondagi birinchi „aqlli shahar“ bo‘ladi», — dedi O‘zbekiston Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi maslahatchisi Aleks Kim Tayxyun.

Shaharda ma’muriy binolar, zamonaviy va qulay turar joylar, biznes markazlar, mehmonxonalar, sport majmualari, yoshlar ijodiyot markazi, kutubxona, maktablar, ko‘p tarmoqli shifoxona bunyod etiladi.

Istirohat bog‘lari, bog‘lar, maydonlar, piyodalar va velosipedchilar uchun xiyobonlar tashkil etish ko‘zda tutilgan. Samarali jamoat transporti tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

To‘ytepa markaz orqali sun’iy anhor oqib o‘tadi, uning yoqasi bo‘ylab yo‘l yotqizilib, kafe, do‘kon va boshqa ob’ektlar ochiladi.

Toshkent va To‘ytepani tezyurar avtomobil yo‘li bog‘laydi. Uning chetida turli ob’ektlar quriladi.