Toshkent viloyatining Bekobod tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir oilaning uch a’zosi halok bo‘ldi, deb xebar bermoqda O‘zbekiston IIV matbuot xizmati.

Avariya «Qorasuv-Bo‘ka-Bekobod» avtomobil yo‘lining 76-kilometrida sodir bo‘ldi. O‘rtachirchiq tumanining 1990 yilda tug‘ilgan fuqarosi boshqarib kelayotgan HOWO rusumli yuk mashinasi qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, Bekobod tumanining 1986 yilda tug‘ilgan fuqarosi, uning 1990 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i va 2015 yilda tug‘ilgan qizi ketayotgan Damas miniveni bilan to‘qnashib ketadi. Olingan tan jarohatlari natijasida oilaning uch a’zosi halok bo‘ladi.

Hodisa vaqtida Damas avtomobili bilan yonma-yon ketayotgan yana bir shu rusumli avtomobil haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetiga chiqib ketadi va ag‘dariladi.

YTH hodisasi yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi bo‘yicha (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga olib kelsa) jinoiy ish qo‘zg‘atildi.