Prezident Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni siyosiy partiyalar, parlament, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Davlat rahbari o‘z chiqishida zamon partiyalar vakillari, deputatlari va senatorlardan nafaqat mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar ishtirokchilari, balki ularning tashabbuskorlari sifatida boshqalarga munosib namuna ko‘rsatishini talab qilayotganini ta’kidlab o‘tdi.

«Parlament — demokratiya maktabi, deymiz. Shunday ekan, milliy parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga aylanishi kerak. Bu borada siz, hurmatli deputat va senatorlar barchaga namuna bo‘lishingiz zarur. Chinakam bahs-munozara, prinsipial tortishuvlar avvalo shu yerda — parlament minbarida bo‘lishi kerak. Shundagina har bir siyosiy partiya, parlamentdagi har bir partiya fraksiyasining haqiqiy qiyofasi va pozitsiyasi aniq namoyon bo‘ladi», — dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev bugungi kunda siyosiy partiyalar o‘z elektoratiga bergan va’dalarini, saylovoldi dasturlarini to‘la va samarali bajara olmayotganini ta’kidladi. Ular hanuzgacha mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida, fuqarolar ongida o‘zining mustahkam o‘rnini egallay olmadi. Siyosiy partiyalar va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatida partiya fraksiyalari tomonidan ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan aniq taklif va tashabbuslar deyarli sezilmayapti.

Davlat rahbari O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan to‘rtta siyosiy partiya faoliyatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga to‘xtalib o‘tdi.

«Masalan, Xalq demokratik partiyasi o‘zini pensionerlar, kam ta’minlangan aholi qatlamlari manfaatlarining himoyachisi sifatida namoyish etadi. Lekin, xolisona aytadigan bo‘lsak, partiya shu maqsad yo‘lida haqiqatan ham amaliy ish olib boryaptimi? — degan savolni o‘rtaga tashladi Prezident. — Partiya pensionerlarning hayot darajasini, ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirish, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘zga ko‘rinadigan tashabbuslar bilan chiqyaptimi?»

«Milliy tiklanish» partiyasini oladigan bo‘lsak, u milliy merosimiz va qadriyatlarimizni tiklash, ularni yanada boyitish bilan birga, turizm sohasini rivojlantirishni ham o‘z oldiga vazifa qilib qo‘ygan. Ammo partiya amalda bu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish, mavjud qonunlarning ijrosini nazorat qilish yuzasidan yetarlicha faollik ko‘rsata olmayapti".

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi ijtimoiy adolat, ilm-fan, ta’lim-tarbiya va sog‘liqni saqlash sohasida aholi manfaatlarini himoya qilish shiori ostida faoliyat olib boradi. «Lekin partiya ushbu sohalarda, xususan, jamiyatimizda qonun va adolat ustuvorligini yoki aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish va uni dori-darmon vositalari bilan ta’minlashni yaxshilash bo‘yicha aniq tashabbuslarni nima uchun o‘z vaqtida ilgari surmagani achinarli holdir», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining faoliyatini ham mamlakatdagi yetakchi siyosiy kuch sifatida faol va samarali deb bo‘lmaydi.

Partiyalar vazirlik va qo‘mitalar faoliyati ustidan o‘zlarining vakillik organlaridagi fraksiyasi va partiya guruhlari orqali parlament hamda deputatlik nazoratini samarali amalga oshirmayapti. Partiyalar o‘z dasturlarini doimiy takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham talablarga javob bermaydi. Partiyalar o‘z maqsad va vazifalarini qayta ko‘rib chiqishi, jahon tajribasini o‘rganishi va xalqaro hamkorlikni kuchaytirishi zarur, deya ta’kidladi Prezident.

Partiyalarning xalq bilan muloqot, yoshlar bilan ishlash va OAV bilan hamkorlik bo‘yicha faoliyati ham tanqid ostiga olindi. Partiya gazetalarining kam adadi ular muammolarni o‘zida aks ettirmayotganidan dalolat beradi, dedi mamlakat rahbari.

Siyosiy partiyalar hududiy kengashlarining moddiy-texnik ta’minoti ko‘p hollarda talab darajasida emasligi qayd etildi. Masalan, siyosiy partiyalarning 18 ta tuman kengashi o‘z binosiga ega emas. 62 ta kengashning binosi qoniqarsiz holatda.

Oliy Majlis tarkibida muhim bir tuzilma, ya’ni ilmiy-amaliy tadqiqot va axborot-tahliliy faoliyat olib boradigan, qonun loyihalarini ishlab chiqadigan markazning yo‘qligi bu boradagi ishlarni yuqori saviyada tashkil etish imkoniyatini bermayapti. Ilg‘or xorijiy tajribalardan kelib chiqqan holda, Oliy Majlis huzurida Qonunchilik muammolarini o‘rganish institutini tashkil etish taklif qilindi.

Shavkat Mirziyoyev deputatlik so‘rovlarini ko‘rib chiqish tartiblari va muddatlariga ham to‘xtalib o‘tdi. U parlament nazorati ob’ektlari doirasini kengaytirish va Qonunchilik palatasida «Hukumat soati» institutini joriy etishga ko‘rsatma berdi.