O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 iyul kuni Toshkentdagi Sergeli-6 mavzesida qurilayotgan yangi uy-joylar qurilishi bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Davlat rahbarining 2016 yil 22 noyabrdagi qaroriga muvofiq 2017−2020 yillarda mamlakatimiz shaharlarida 945 ko‘p qavatli uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. 2017 yilda 191 ko‘p qavatli uy qurilishi belgilangan. Shundan 102 tasi Toshkent shahrida bunyod etilmoqda.

Sergeli tumanidagi qurilish ishlari uchta maydonda olib borilmoqda. 6-mavzedagi 66 ta yetti qavatli uy mustaqilligimizning 26 yilligi bayrami arafasida o‘z egalariga topshiriladi. Boshqa maydonlardagi 36 ta ko‘p qavatli uyni qurish ishlari ham boshlab yuborilgan.

Shuningdek, maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalari, dam olish joylari, poliklinikalar, bolalar maydonchalari, avtomobil turar joylari va infratuzilmaning boshqa ob’ektlari qurilishi rejalashtirilgan.

Prezidentimiz ushbu uylardan biriga kirib, bu yerda yaratilayotgan sharoitlar bilan qiziqdi.

Shu yerda Sergeli tumanini kompleks rivojlantirish bo‘yicha istiqboldagi rejalar namoyish etildi.