GM Uzbekistan 2021 yilga qadar ikkita yangi modelni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish va mavjud avtomobillar safini modernizatsiya qilishni rejalashtirgan. Rejalar haqida kompaniya rahbari vazifasini bajaruvchi Rustam Rajabov jurnalistlarga ma’lum qildi.

Yangi modellar

Birinchi model S sinfga oid bo‘lib, Lacetti bilan o‘rin almashadi. «Hozircha bu qanday model ekani haqida ayta olmayman, ammo u zamonaviy va yaxshi avtomobil bo‘ladi», — dedi Rustam Rajabov. 1996 yildan 2016 yilgacha korxonada 223,9 ming dona Lacetti avtomobilini ishlab chiqardi. Bu jami ishlab chiqarilgan mashinalarning 8,4 foizi demakdir.

Ikkinchi rejalashtirilgan model — B-sinfga oid ixcham krossoverdir. Korxona rahbarining so‘zlariga ko‘ra, GM Uzbekistan uchun u mutlaqo yangi segment. SUV-B avtomobillari dunyoda jadallik bilan ommalashmoqda. Masalan, Rossiyada u bozorning 40 foizini band etgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev iyun oyida Andijon viloyatiga tashrif buyurgan vaqtida aynan Tracker korxona tomonidan ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan yangi model sifatida namoyish qilingan edi.

Savdo shaffofligi

GM Uzbekistan kompaniyasining rejalashtirish va muvofiqlashtirish direksiyasi direktori Alisher Komilov oktyabr oyi oxiriga qadar yagona savdo portali va savdodan keyin xizmat ko‘rsatish bo‘yicha UzAuto Friend tizimi ishga tushirilishi haqidagi rejalarni o‘rtoqlashdi. Yangi mexanizm avtomobillarni sotish jarayonini yanada shaffoflashtirishga xizmat qiladi.

Loyihaning birinchi bosqichida avtomobillarni sotib olish uchun elektron navbat joriy etiladi. 1 oktyabrdan boshlab avtomobil sotib olish uchun arizani masofadan taqdim etish mumkin bo‘ladi. Yil oxiriga qadar esa mobil ilova ishga tushiriladi.

Portal avtomobillar bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasini o‘z ichiga oladi. U orqali mijoz sotish uchun erkin, shartnomasi tuzilgan va ishlab chiqarish bosqichidagi mashinalar haqida ma’lumot olishi mumkin. Shaxsiy kabinetda mijoz maslahat olish, shartnoma tuzish, texnik xizmat ko‘rsatish, test-drayv va shartnoma maqomini tekshirish uchun ariza yo‘llashi mumkin.

«Elektron rejimda shartnoma olish uchun taqdim etilgan arizaning ro‘yxatga olinishi avtomobillarni berishdagi navbatlar yoki avvalroq ro‘yxatga olingan arizalar bo‘yicha shartnoma tuzishga imkon bermaydi», — dedi Alisher Komilov.

Direksiya rahbari savdoga yondashuv qayta ko‘rib chiqilayotgani haqida ham so‘zlab berdi. Jumladan, kompaniya yillik hajmdagi kontraksiyadan oylik asosga o‘tadi. Kontraksiya faqatgina ishlab chiqarilishi moliyaviy ta’minlangan mashinalar bo‘yicha amalga oshiriladi.

Yangicha yondashuv dilerlar shourumlarida «jonli» avtomobillar bo‘lishini ta’minlash va kutish muddatini 10−11 oydan 2−3 oygacha qisqartirishni ham ko‘zda tutadi.