2016 yilda O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan 87 foiz fuqarolik ishlari (446 ishdan 390 tasi) qayta ko‘rib chiqish uchun quyi bosqichlarga yuborilgan. Atigi 13 foiz ish bo‘yicha Oliy sudda yakuniy qaror qabul qilingan.

Sohadagi eng dolzarb masala — fuqarolarning sudma-sud sarson-sargardon yurishining oldini olish, bu boradagi muammolarni bartaraf etish Toshkentda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda muhokama qilingan asosiy mavzulardan bo‘ldi.

Joriy yil iyun oyining o‘zida Oliy sudda 24 fuqarolik ishiga yakuniy nuqta qo‘yildi, jinoyat ishlari bo‘yicha kiritilgan protestlarni ko‘rish natijasida, harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmagani uchun 7 shaxs oqlandi, 4 nafari jazodan ozod etildi, 2 nafariga nisbatan jinoyat ishi tugatildi, 17 shaxsga nisbatan tayinlangan jazo muddatlari kamaytirildi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, keyingi paytda Prezidentning Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasiga bo‘layotgan murojaatlarning sezilarli qismi aynan sud idoralari va sudyalar faoliyati bilan bog‘liq ekani bu yo‘nalishda ko‘plab muammolar mavjudligidan dalolat beradi. Bu borada Oliy sudga kuniga o‘rtacha 250 dan ortiq murojaat kelib tushmoqda.

Tadbirda ushbu murojaatlarni hal etishda viloyat, tuman sudlari sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgani, ayrim tuman sudlari murojaatlarni hatto ochib ko‘rmayotgani qattiq tanqid qilindi. Viloyat sudlari raislari haftada kamida uch kun tumanlarga, joylarga chiqib, sudlarning ish yurituvini o‘rganishi shart ekani, bunday o‘rganishlar har bir sudlarda o‘tkazilishi ta’kidlandi.

Bu borada Oliy sud rayosatining shu yil 24 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan kompleks chora-tadbirlar rejasi amaliyotga joriy etilmoqda. Mazkur qaror bilan sud tizimida zudlik bilan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. Uning ijrosiga mas’ul bo‘lgan Oliy sud ishchi guruhlari tuzildi. Mazkur dasturlarning ijrosi qat’iy nazoratga olindi.

Sudlarda uzoq muddatlardan buyon yakuniy yechimini topmay kelayotgan ishlar ro‘yxati tuzildi, ularni hal qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Sudlarda ishlarning kamida 30 foizini sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilishini ta’minlash maqsadida Oliy sud rayosatining «Sayyor sud majlislarini o‘tkazish bo‘yicha uslubiy tavsiyalarni tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi, uslubiy tavsiyalar va sayyor sud majlislari o‘tkazilishi maqsadga muvofiq bo‘lgan ishlar ro‘yxati tasdiqlanib, barcha sudlarga yuborildi.

Oliy sud va viloyat sudlari tomonidan quyi sudlar ish yurituvidagi murakkab toifadagi jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlarni olib birinchi instansiyada ko‘rib chiqish amaliyoti joriy etildi. Iqtisodiy sudlar samarali qo‘llab kelayotgan ishlarni videokonferensaloqa tizimi orqali ko‘rib chiqish amaliyoti fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar hamda ma’muriy sudlarga ham tatbiq etilmoqda.