O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostonada Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitidagi nutqida tashkilot ta’sis hujjatlarining SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi vakolatlarini kengaytirishga oid qismiga o‘zgartishlar kiritishni taklif qildi.

«Bugungi kunda xalqaro terroristik guruhlar va vayronkor kuchlar o‘z faoliyatida axborot texnologiyalaridan yanada faol qo‘llagan holda yoshlarimiz ongini zaharlash va zo‘ravonlik g‘oyalarini tarqatishda ulardan foydalanmoqda», — deya qayd etdi O‘zbekiston Prezidenti.

U SHHT MATning global axborot maydonida vujudga kelayotgan tahdidlarni monitoring qiluvchi va ularga qarshi turuvchi tizimni tashkil etish bo‘yicha vakolatlarini kengaytirishni taklif qildi.

Shavkat Mirziyoyev o‘sib kelayotgan avlodni turli terroristik va tazovuzkor tuzilmalar faoliyatiga jalb qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha hamkorlikdagi aniq choralarni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

«Barchamizni doimo yaxshilik, tinchlik va bag‘rikenglikka chaqirgan va da’vat etuvchi islom dinining asl ma’rifiy qadriyatlarini keng miqyosda tushuntirishda hamkorlik qilish muhim deb hisoblaymiz», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev mazkur maqsadlarda Samarqandda Islom hamkorlik tashkiloti ko‘magida Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro tadqiqot markazi tashkil etilganini eslab o‘tdi.

«O‘ylaymizki, mazkur markaz faoliyati dinlararo, millatlararo va madaniy muloqotga ko‘maklashishga imkon tug‘diradi. Biz SHHTga a’zo davlatlar diniy vakillari tashkil etilayotgan markaz faoliyatida faol qatnashadi, deb umid qilamiz», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.