O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ta’limning kechki shaklini qayta tiklash ehtimollarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda vazirning birinchi o‘rinbosari Inomjon Majidov Xalqaro press-klubning chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sirtqi bo‘limga qabul 2004 yilda ta’lim sifatining standartlarga muvofiq kelmagani sababli yopilgan edi. 2017—2018 o‘quv yilida uchta universitetda ta’limning sirtqi shakliga qabul qayta tiklanadi. Ular Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari instituti, Toshkent axborot texnologiyalari va Navoiy davlat konchilik instituti. Ushbu OTMlarga 270 kishi qabul qilinadi.

Biroq boshqa OTMlarni ta’limning mazkur shakliga qamrab olish uchun to‘siqlar mavjud. «Hozirda sirtqi ta’limning ancha ilg‘or shakllari, axborot texnologiyalari, nazorat tizimini joriy etish va hokazo imkoniyatlar mavjud. Biroq sirtqi ta’limni kengaytirish, bu — oddiy ish emas. Bizning sharoitimizda sirtqi shaklda sifat kuchli tushib ketadi. Biz [sirtqi ta’limni] barchasini zarur darajada bajarish uchun metodologiya, metodika, texnika bo‘lganida joriy etamiz», — deya ta’kidladi vazir o‘rinbosari.

Inomjon Majidov hozirda kechki ta’lim shaklini faqatgina poytaxt OTMlarining moddiy-texnik bazasida qayta tiklash mumkinligini, ayni paytda hududiy ta’lim muassasalari buning uchun «juda ham band» ekanini aytib o‘tdi. «Kechki shakl jozibadorroq. Shakl sifatida u rivojlanishi mumkin, biroq bu endi to‘rt yillik emas, balki ehtimol besh-olti yillik ta’lim bo‘lar. Hozirda biz jahon tajribasini o‘rganmoqdamiz, masala muhokamalar bosqichida turibdi», — dedi u.

Matbuot anjumani jarayonida Inomjon Majidov stipendiyalarni to‘lash tizimidagi o‘zgarishlar haqidagi savolga javob qaytardi. O‘zlashtirishidan qat’i nazar barcha talabalar uchun yagona miqdorning joriy etilishi rejalashtirilmayotgani, joriy tartib saqlanib qolinishi ma’lum qilindi. «Bu muhokama qilindi, biroq hozirda mazkur masala kun tartibida emas, — dedi so‘zga chiquvchi. — Tan olaman, stipendiyalarning tabaqalanishi OTMlar ma’muriyatlariga ayrim muammolarni, xususan talabalarning baho uchun harakat qilishi va shundan kelib chiquvchi barcha holatlarni tug‘dirmoqda».

U «qog‘oz"li reyting daftarchalari masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Vazirning birinchi o‘rinbosari fikricha, yetarli darajada himoyalangan ma’lumotlar elektron bazasi shakllantirilmaguncha reyting daftarchasi amalda qolaveradi. «Aslini olganda OTMga reyting daftarchasining keragi yo‘q, u talaba uchun kerak, bu uning hujjati. Talaba olayotgan baholar jurnal va vedomostga ham tushadi. Aytishimiz mumkinki, dunyoda bunday tajribadan foydalanilmaydi, biroq ularda har bir talaba stipendiya oladigan tizim ham yo‘q. Barcha muammolar shu yerdan boshlanadi. Talabalar baho emas, bilim olishga ishtiyoqmand bo‘lishlari kerak. Agarda ma’lumotlar bazasi o‘chib ketsa bir lahzada baholar ham o‘chadimi? Bizda hozircha TATU va Inha universitetidagi kabi himoyalangan ma’lumotlar bazasi mavjud emas», — deya oydinlik kiritdi Inomjon Majidov.

Davlat test markazi direktori Majit Karimovning ma’lum qilishicha, 2017—2018 o‘quv yilida 795 ming nafarga yaqin abituriyentning kirish imtihonlarida ishtirok etishi kutilmoqda. Hujjatlarni onlayn tarzda topshirish to‘g‘risidagi savolga javob berar ekan, u mazkur tizim bugungi kunda TATUda ishlab turganini qayd etib o‘tdi. Biroq DTM rahbarining so‘zlariga ko‘ra, respublika miqyosida hujjatlarni onlayn topshirishni tashkil etish uchun ishonchli IT-infratuzilma zarur bo‘ladi. Yanada aniqroq aytganda, bu abituriyentlardan ilg‘or ko‘nikmalarni talab qiladi — ular elektron imzo olishlari, hujjatlarni PDF shaklda yuklashga tayyorlashlari lozim.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Avazjon Marahimov ayni paytda har bir universitet o‘zining besh yillik rivojlanish dasturini ishlab chiqayotganini ma’lum qildi. Biometrik texnologiyalar mavzusiga qaytar ekan, u O‘zMU abituriyentlar yuzini aniqlash tizimini sinovdan o‘tkazayotganini qayd etdi. Bundan tashqari, OTM hududida Wi-Fi paydo bo‘ladi.