O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi boshqaruvi raisi G‘ulomjon Ibragimov va «Gazprom» boshqaruvi raisi Aleksey Miller 2 iyun kuni Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi-2017 doirasida kompaniyalarning strategik hamkorligi to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.

Rossiya kompaniyasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, hujjatda O‘zbekiston hududida yangi loyihalarni amalga oshirishda tomonlarning o‘zaro munosabatlari ko‘zda tutilgan. Jumladan gaz infratuzilmalari ob’ektlarini rekonstruksiya qilish, qurish va ulardan foydalanish; geologik razvedka, uglevodorodlarni qazib olish, qayta ishlash va saqlash; avtonom gazlashtirish uchun siqilgan va suyultirilgan tabiiy gazdan foydalanish; respublikani gaz bilan ta’minlashning bosh sxemasini ishlab chiqish belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida ikki kompaniya «Gazprom» tomonidan 2018 yildan boshlab besh yil muddatga O‘zbekistondan 4 milliard kub metr gaz sotib olinishi bo‘yicha shartnoma hamda geologik razvedka ishlarini o‘tkazish va injiniring-innovatsion ishlarni tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuvni imzolagan edi.

2016 yilda «Gazprom» O‘zbekistondan sotib olingan tabiiy gaz hajmi 6,2 milliard kub metrni tashkil etdi.