Xalqaro kurash qoidalari muallifi Komil Yusupov 27 may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari kongressda Xalqaro kurash assotsiatsiyasining (IKA) yangi ta’sis etilgan asoschi raisi lavozimiga bir ovozdan saylandi.

Xalqaro press-klub raisi Sherzod Qudratxo‘jayev vitse-prezident lavozimiga saylandi. Kongressda barcha qit’lardan konfederatsiyalar prezidentlari, 46 mamlakatdan milliy federatsiyalar rahbar va vakillari ishtirok etib, kurashni yanada rivojlantirish hamda uni 2028 yilgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish masalalarini muhokama qildi.

Shuningdek, 23−27 noyabr kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida kattalar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati va 17−27 sentyabr kunlari Ashxobodda (Turkmaniston) yopiq binolarda va jang san’atlari bo‘yicha beshinchi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir 28−29 may kunlari O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun Al-Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan xalqaro musobaqa arafasida o‘tkazildi. Mazkur bellashuvlarda Osiyo, Afrika, Yevropa va Panamerikaning 50 mamlakatidan 150 nafar sportchi ishtirok etmoqda.