12−13 may kunlari Chimkent shahrida (Janubiy-Qozog‘iston viloyati) Toshkent ishlab chiqaruvchilarining birinchi ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi poytaxt hokimiyati axborot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Ko‘rgazmada Toshkent shahridagi 150 dan ziyod korxonalar ishtirok etib, 1000 ziyod turdagi elektrotexnika, metallurgiya va kimyo, yengil sanoat va oziq-ovqat, mebel va qurilish sanoati, xalq iste’mol mollari mahsulotlari namoyish etildi.

Shuningdek ko‘rgazma ishida Janubiy-Qozog‘iston viloyatining 5000 nafardan ziyod tadbirkorlari qatnashdi. 18 mln.dollardan ziyod eksport kontraktlari va shartnomalari hamda kelishuv bayonnomalari imzolandi.

Tashrif jarayonida Chimkent va Toshkent shaharlari hokimlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Hujjat Janubiy-Qozog‘iston viloyati bilan Toshkent shahri o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan.

Madaniy dastur doirasida o‘zbek san’atkorlari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi hamda Toshkent shahri oshpazlari o‘zbek milliy taomlari festivalini uyushtirib, chimkentliklar mehmon qilindi.

Toshkent shahar hokimligi tomonidan huddi shunday ko‘rgazmalarni Qozog‘istonning Olmata, Qirg‘izistonning O‘sh va Turkmanistonning Ashxobod shaharlarida ham o‘tkazilishi rejalashtirildi.