10−12 may kunlari Tojikistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi. Tojik OAVlarining qayd etishicha, mamlakatda bu kabi tadbirlar so‘nggi marta 1997 yilda o‘tkazilgan edi.

Delegatsiya tarkibidan 55 nafar artist va musiqachi o‘rin oldi, deb xabar qildi Asia-Plus axborot agentligi Tojikiston Madaniyat vazirligiga tayangan holda. O‘zbekiston xalq artistlari G‘ulomjon Yoqubov va Mahmud Nomozov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sobirjon Mo‘minov, xonanda Sevinch Mo‘minova, «Nihol» mukofoti sohiblari hamda «O‘zbekiston» davlat ashula va raqs ansambli O‘zbekiston san’ati va madaniyatini namoyon etdi.

Ayniy nomidagi Davlat akademik opera va balet teatrida «Zamonaviy O‘zbekiston» fotoko‘rgazmasi tashkillashtirildi. Tojik tomoshabinlariga «Ota» va «Oyqiz ertagi» filmlari namoyish qilindi.

O‘zbekiston madaniyati kunlarining markaziy tadbirlari sifatida Dushanbe, Qo‘rg‘ontepa va Tursunzoda shaharlarida konsert dasturlari o‘tkazildi. O‘zbekistonlik artistlar o‘zbek va tojik tillarida qo‘shiqlar ijro etdi.

«Afsuski, avvalroq o‘zaro madaniyat kunlarini o‘tkazish an’anasi bekor qilingan edi va endilikda u qaytadan tug‘ilmoqda. Kelgusida biz ham O‘zbekistonda tojik madaniyat kunlarini o‘tkazishni rejalashtirganmiz», — deya Tojikiston madaniyat vaziri Shamsiddin Orumbekzodaning so‘zlaridan iqtibos keltirdi Tajikistan Times.