O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 may kuni Toshkent markazidagi Oybek ko‘chasida ko‘p qavatli uylardagi energiya tejamkor mahalliy qozonxonalar loyihalari bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Davlat rahbarining 20 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan 2018−2022 yillarda issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish dasturiga muvofiq, joriy yilda poytaxtda 211, jumladan, ko‘p qavatli uylar tom qismida 134, mavzelar hududida 77 qozonxona quriladi. Ushbu maqsadlar uchun sarflanadigan 170 milliard so‘m mablag‘ tijorat banklari kreditlari hisobidan moliyalashtiriladi.

Oybek ko‘chasidagi 40- va 42-uylarda ishga tushirilgan qozonxonalar gelio suv isitgichlari bilan jihozlangan. Qozonxonada soatiga 416 kilovatt issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Loyiha qiymati 460 million so‘m bo‘lib, xarajatlar «Toshissiqquvvati» ishlab chiqarish birlashmasi unitar korxonasi hisobidan qoplangan. Uy yuqorisidagi texnik qavatda qozonxona, tomda quyosh kollektorlari o‘rnatilgan.

«Kommunal sohani yanada takomillashtirish va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish uchun quyosh energiyasi asosida ishlaydigan issiqlik energiyasi tizimiga o‘tishni hayotning o‘zi taqozo etmoqda, — dedi Prezident. — Toshkent shahrida kelgusi uch yilga mo‘ljallangan alohida tizim ishlab chiqiladi. Bu tizim quyosh energiyasi yordamida uy-joylar va ijtimoiy ob’ektlarni issiq suv va energiya bilan uzluksiz ta’minlash, energiya resurslarini tejash va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi».

Shavkat Mirziyoyev gelioqurilmalar ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar mahsulotlari bilan ham tanishdi.